16:18 / 20.04.2021
4465
Samarqanddagi maktabgacha ta'lim tizimida qator noqonuniy holatlar aniqlandi

Samarqand viloyati maktabgacha ta'lim tizimida bir qator noqonuniy holatlar yuz bergan. Bu haqda 20 aprel kuni AOKAda bo‘lib o‘tgan brifingda Maktabgacha ta'lim vazirligi axborot xizmati rahbari Mavluda Asqarxo‘jayeva xabar berdi.

Foto: KUN.UZ

Maktabgacha ta'lim vazirligi axborot xizmati rahbari Samarqand viloyatida olib borilgan o‘rganishlar natijasi to‘g‘risida ma'lumot berdi.

Maktabgacha ta'lim vazirligining ishchi guruhi 2 hafta mobaynida Samarqand viloyatidagi bir nechta MTTlar faoliyatini o‘rgandi. O‘rganishlar jarayonida bog‘chalardagi ayrim tarbiyachi-pedagoglar o‘z xizmat vazifasini to‘liq bilmasligi, sog‘lom ovqatlantirish me'yorlariga rioya etilmayotgani, ta'lim-tarbiya jarayonlari yaxshi yo‘lga qo‘yilmagani, bolalarni yo‘llanmalar asosida maktabgacha ta'lim tashkilotlariga qabul qilishdagi xato va noqonuniy xatti-harakatlar aniqlandi.

Masalan, 58-sonli DMMTda 141 nafar tarbiyalanuvchi to‘g‘risida ma'lumot taqdim etilgan, ammo amalda 186 nafar tarbiyalanuvchi borligi, muassasada sanitariya-epidemiologiya qoidalariga rioya etilmaganligi aniqlandi. Bog‘chaning 8 nafar tarbiyalanuvchisi ketgan bo‘lishiga qaramay, OpenEmis tizimidagi tarbiyalanuvchilar ro‘yxatidan o‘chirilmagan. Bu, o‘z navbatida, bo‘sh o‘rinlarning shakllantirilmasligiga hamda guruhlarga bolalar noqonuniy qabul qilinishiga zamin yaratgan.

7-MTTga tashrif buyurgan ishchi guruh ta'minotchi tomonidan MTTga sariyog‘ o‘rniga “Spred” (sut yog‘i o‘rnini bosuvchi modda) mahsuloti olib kelingani aniqlagan va ishchi guruh tomonidan bu mahsulot tabiiy sariyog‘ga almashtirildi.

31-MTTda ishchi guruhning tasodifiy tashrifi davomida oshpaz tomonidan pishib turgan ovqatga xom tovuq go‘shti solib yuborilganiga guvoh bo‘lindi.

38-MTT binosida qulflangan xona borligi, unda 20ta bolalar karavoti va 10 nafar bola borligi aniqlandi. OpenEMIS tizimida 14ta guruhda 348 nafar bola bo‘lib, haqiqatda 12ta guruhda 275 nafar bolani tashkil etmoqda, ularning 29tasida yo‘llanmalar mavjud emas.

Tekshiruvlar natijasida aniqlangan kamchiliklar yuzasidan Maktabgacha ta'lim vazirligi, viloyat maktabgacha ta'lim tizimi xodimlari ishtirokida tanqidiy-tahliliy yig‘ilish o‘tkazilib tegishli choralar ko‘rilishi yuzasidan tavsiyalar berilgan.

Top