18:39 / 20.04.2021
6953
Shahrisabz tuman hokimi o‘rinbosari ikkinchi marta ma'muriy javobgarlikka tortildi

Hokim o‘rinbosari fermer xo‘jaligi manfaatida chiqarilgan hal qiluv qarori ijrosini ta'minlamagan.

Shahrisabz tuman hokimi o‘rinbosarlaridan biri qonunbuzilish holati sodir etgani uchun ma'muriy javobgarlikka tortildi. Bu haqda Biznes-ombudsman xabar berdi.

Qayd etishilicha, mansabdor shaxs tumanda faoliyat yurituvchi fermer xo‘jaligi manfaatida chiqarilgan sud qarori ijrosini ta'minlamagani uchun 2020 yil iyunda javobgarlikka tortilgan edi. Shunga qaramay, mansabdor takroran qonunni buzgan.

Xususan, Biznes-ombudsmanga fermerlardan biri murojaat qilib, ma'muriy sudning fermer xo‘jaligi manfaatiga chiqqan hal qiluv qarori ijrosini ta'minlashda yordam so‘ragan.

Biznes-ombudsman sud qarorini qonunda belgilangan tartibda ijro qilish to‘g‘risida xulosa kiritgan, xulosa tegishli tartibda ijro qilish uchun tuman hokimining o‘rinbosariga yo‘naltirilgan. Ammo u sud qarori ijrosini ta'minlash chorasini ko‘rmagan.

Natijada ma'muriy bayonnoma tuzilib, hokim o‘rinbosari jinoyat ishlari bo‘yicha Shahrisabz tuman sudining 2021 yil 23 fevraldagi qarori bilan ma'muriy jazo chorasi sifatida takroran jarimaga tortilgan.

Top