11:23 / 20.04.2021
8711
Toshkentda sodir bo‘lgan YTHda ikki kishi halok bo‘ldi 

2021 yilning 19 aprel kuni soat taxminan 23:30larda Beruniy ko‘chasida (“Tinchlik” metro stansiyasi bekati yonida) ikkita transport vositasining o‘zaro to‘qnashuvi sodir bo‘ldi. 

Toshkent shahar IIBB xabariga ko‘ra, Samarqand viloyatidan bo‘lgan 23 yoshli Abdullo Z. “Neksiya-3” rusumidagi avtomobilni boshqara turib, 25 yoshli Bunyod haydab ketayotgan “Matiz” rusumidagi mashina bilan to‘qnashuv sodir etgan.   

Avtomobillarning to‘qnashuvi oqibatida “Neksiya-3” mashinasida yo‘lovchi sifatida ketayotgan, Samarqand viloyatida yashovchi 24 yoshli Mohinur T. tan jarohati olib tibbiyot muassasasiga olib borilgan. “Neksiya-3” haydovchisi shifokorlar tomonidan ko‘rsatilgan tez tibbiy yordamga qaramasdan olgan jarohatlari tufayli kasalxonada vafot etgan. “Matiz” haydovchisi esa voqea joyida hayotdan ko‘z yumgan.

Dastlabki ma'lumotlarga ko‘ra, yo‘l-transport hodisasiga “Neksiya-3” haydovchisi belgilangan me'yordan yuqori tezlikda harakatlanib boshqaruvni yo‘qotgani va yo‘lning qarama-qarshi tomoniga chiqib ketib, boshqa mashina bilan to‘qnashgani sabab bo‘lgan.

Mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar IIBB tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi (Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) 3-qismida nazarda tutilgan alomatlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Tergov harakatlari davom ettirilmoqda.

Top