11:31 / 20.04.2021
22735
Ulug‘nor tumaniga prokuror hokim bo‘ldi

Andijon viloyatining Ulug‘nor tumani prokurori shu tumanning yangi hokimi sifatida ish boshladi.

Bugun, 20 aprel kuni Ulug‘nor tumanida Xalq deputatlari tuman kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Sessiyada viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonov ishtirok etib, ma'ruza qildi. Sessiyada tashkiliy masala ko‘rildi. Viloyat hokimi Muhammadislomiddin Ahmadjonov nomzodini Ulug‘nor tumani hokimi lavozimiga tavsiya qilgan, nomzod ochiq ovoz berish yo‘li bilan hokimlikka tasdiqlangan.

Muhammadislomiddin Muhammadsobirovich Ahmadjonov 1979 yil Shahrixon tumanida tug‘ilgan. 2000 yilda Toshkent davlat yuridik institutini, 2012 yilda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining Oliy o‘quv kurslarini tamomlagan.

Faoliyatini Toshkent shahar hokimligi Adliya boshqarmasi katta nazoratchisi lavozimidan boshlagan. Shuningdek, Andijon viloyatining Marhamat tumani va Namangan viloyatining To‘raqo‘rg‘on tumani prokurori lavozimlarida ishlagan.

U 2020 yildan buyon Ulug‘nor tumani prokurori vazifasida faoliyat yuritayotgan edi.

Eslatib o‘tamiz, Ulug‘nor tumanining sobiq hokimi Doniyor Maxsudov 16 aprel kuni prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida o‘tkazilgan videoselektorda yoshlar bilan ishlashni lozim darajada tashkil etmagani uchun ishdan olingan edi. 

Top