18:06 / 21.04.2021
52054
Foto: Qrim va Voronejdagi rus qo‘shinlarining sun'iy yo‘ldoshdan olingan suratlari namoyish etildi

Suratlarda Su-30 samolyotlari joylashtirilgan Qrimdagi aviabaza, Voronej yaqinidagi lager, vertolyotlar, dronlar, motoo‘qchi va zirhli tank qismlari hamda harbiy hospitallar tasvirlangan.

Foto: Maxar Technologies / Reuters / Scanpix / LETA

The Wall Street Journal (WSJ) gazetasi Qrim va Voronej oblastida joylashtirilgan Rossiya harbiy texnikalarining sun'iy yo‘ldosh orqali olingan suratlarini nashr qildi. Suratlar 2021 yil 27 martdan 16 aprelgacha bo‘lgan muddatda olingan. Suratlarni sun'iy yo‘ldosh s'yomkalari sotuvi bilan shug‘ullanuvchi Maxar Technologies kompaniyasi AQSh va G‘arbning boshqa davlatlari buyurtmasiga ko‘ra taqdim etgan. Kompaniya rahbari Den Yablonski suratlarni jurnalistlar bilan bo‘lishishga qaror qilganini bildirgan: «O‘ylaymanki, suratlar ushbu notinch mintaqada nimalar bo‘layotgani borasidagi shubhalarni aritadi».

WSJ nashri e'lon qilgan suratlardan birida Su-30 rusumli qiruvchi samolyotlar Qrimdagi Saki aviabazasining uchish-qo‘nish yo‘lagida turgani aks etgan. Bu surat 16 aprel kuni olingan, nashrning qayd etishicha mart oyida bu bazada qiruvchi samolyotlar yo‘q edi. Boshqa bir suratda rossiyaliklarning Qrimdagi dala gospitali, harbiy vertolyotlar va zirhli tanklar qismlari aks etgan. Yana bir suratda rossiyaliklarning Voronej oblastidagi lagerda joylashgan motoo‘qchilar qismini ko‘rish mumkin. Nashrning yozishicha, Ukraina chegaralari yaqiniga Su-34, Su-27, Su-25 va Su-24 samolyotlari ham olib kelingan. Qayd etilishicha, suratlardan ko‘rish mumkinki, RF chegaraga olib kelgan harbiy aviatsiya avval aytilganidan ancha katta.

Qrimdagi Kirov aviabazasiga joylashtirilgan Rossiya harbiy vertolyotlarining sun'iy yo‘ldosh orqali olingan tasvirlari, 2021 yil 14 aprel
Maxar Technologies / Reuters / Scanpix / LETA

WSJ nashri bilan o‘z shaxsi sir tutilishini so‘rab gaplashgan amerikalik rasmiyning so‘zlariga ko‘ra, ayni vaqtda Ukraina chegaralari bo‘ylab 80 ming rossiyalik harbiy xizmatchi joylashtirilgan. Bu bir oy avvalgidan ikki barobar ko‘p. Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Josep Borrel 20 aprel kuni Ukraina chegaralari yaqinida turgan rossiyalik harbiylar sonini 100 mingdan ortiqroqqa baholadi. Pentagon ham chegara yaqinida to‘plangan rossiyalik harbiylar soni 2014 yildagiga qaraganda ko‘proq ekanini tasdiqlagan.

«Bir necha haftadan keyin ular harbiy eskalatsiya yuzaga keltirishga qodir darajada harbiy jangovar holatda bo‘lishadi. Bizning baholarimizga ko‘ra, u vaqtga borib ularning jami harbiy kuchlari soni 120 mingdan oshadi. Biz bilmaymiz, Putin hujum qilishga qaror qiladimi, yo‘qmi, ammo u bunga tayyor bo‘ladi», — degan WSJ muxbiri bilan suhbatda Ukraina tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kuleba. AQSh Senatida shu kabi xulosani o‘tgan haftada MRB direktori Uilyam Berns ham bergandi.

Muqaddam NATO qo‘mondonligi a'zosi bo‘lgan Filipp Bridlavning fikricha, Rossiya zudlik bilan zarba berish niyatida emas, ammo voqealar rivojining turli variantlarini ko‘rib chiqmoqda. «Ular jang vaqtida havoda ustunlik qilish va quruqlikdagi qo‘shinlarni qo‘llab-quvvatlash uchun yetarli miqdordagi harbiy-havo kuchlarini joylashtirgan», – dedi u.

AQSh prezidenti Jo Baydenning ma'muriyati yangi harbiy harakatlar boshlangudek bo‘lsa, Ukrainaga harbiy yordam ko‘rsatish masalasini muhokama qilmoqda. WSJ manbasining aytishicha, bunday yordam doirasida tankka qarshi qurilmalar, kemalar va samolyotlar hujumidan mudofaa tizimlari yetkazib berilishi mumkin. Manba bu reja hali Baydenga tasdiqlash uchun kiritilmaganini qo‘shimcha qilgan. WSJ Oq uy Rossiyaga qarshi yangi iqtisodiy sanksiyalar qo‘llash masalasini ham ko‘rib chiqayotganini aytib o‘tgan.

13 aprel kuni Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoygu NATOning «tahdid soluvchi harbiy harakatlari»ga javoban Rossiyaning «g‘arbiy chegaralari»ga ikkita armiya va havo-desant qo‘shinlarining uchta birlashmasi joylashtirilganini ma'lum qildi. 20 aprel kuni Shoygu NATOning harakatlarini Janubiy harbiy okrug (Qrim ham uning tarkibida) qo‘shinlarining harbiy qobiliyatini oshirish uchun sabab sifatida keltirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina Donbassdagi vaziyatni beqarorlashtirmoqchi, AQSh va NATO esa havo kengliklarida hamda Qora dengizda «provokatsiya faoliyati» bilan shug‘ullanmoqda, shu tufayli «janubiy-g‘arbiy strategik yo‘nalishdagi harbiy-siyosiy vaziyat murakkabligicha qolmoqda».

Rossiya mart oyi oxirida, rasmiy Kiyev hamda tan olinmagan Donbass xalq respublikasi va Lugansk xalq respublikasi o‘rtasida ziddiyat kuchayishi fonida Ukraina chegaralari yaqinida harbiylari sonini oshira boshladi. Aprel oyi boshida  Conflict Intelligence Team surishtiruv guruhi Rossiya qo‘shinlarining Rossiya—Ukraina chegarasi hududida to‘planishini 2014—2015 yillardan beri eng keskin ko‘rsatkich deb atadi. Ukraina hukumati o‘z chegaralari yaqinida rus qo‘shinlari to‘planganini tasdiqladi va uni «o‘z kuchini ko‘z-ko‘z qilish» deb atab, Rossiyani mintaqadagi vaziyatni og‘irlashtirishda aybladi. AQSh va Germaniya yetakchilari Moskvani harbiylarini ukrain chegaralaridan uzoqroqqa olib ketishga chaqirdi.

Kreml bu kabi xabarlarga javoban, Rossiya armiyasi mamlakat hududida zarur deb hisoblagan yo‘nalish bo‘ylab harakatlana olishini va rossiyalik harbiylarning harakati boshqa davlatlarga tahdid solmasligini ta'kidladi. Shuningdek Rossiya Tashqi ishlar vazirligining ma'lum qilishicha, Ukraina va Rossiya o‘rtasida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan mojaroni muhokama qilish Ukraina hukumati tarqatayotgan «navbatdagi soxta xabar namunasi» hisoblanadi.

Mavzu
Ukraina mojarosi
2020 yil mart oyi oxirida ukrainalik harbiylar Donbassdan berilgan artilleriya zarbalari qurboni bo‘ldi. Aprel oyi boshida Rossiya Ukraina bilan chegarada qo‘shinlarini to‘play boshladi.
Barchasi
Top