07:07 / 21.04.2021
360
Navoiy viloyatida o‘tgan uch oyda 86 ta yong‘in sodir bo‘lgani ma'lum qilindi
Foto: Navoiy viloyati hokimligi axborot xizmati

Navoiy viloyati favqulodda vaziyatlar boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma'lum qilinishicha, ushbu yong‘inlar oqibatida 4 kishi halok bo‘lgan, 2 kishi jarohat olgan. Ko‘rilgan moddiy zarar miqdori esa qariyb 750 million so‘mga teng. 

Boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari Farhod Po‘latovga ko‘ra, ushbu muddatda yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzgan yoki davlat yong‘in nazorati organlarining yozma ko‘rsatmalarini bajarmagan 258 nafar rahbar, javobgar shaxs va fuqarolarga nisbatan 31,9 million so‘mlik ma'muriy choralar ko‘rilgan. Shuningdek, yong‘in sodir bo‘lishiga olib kelishi mumkin bo‘lgan 109 ta bino va inshootning ish faoliyati vaqtinchalik to‘xtatilgan.

«Bugungi kunda aholi tomonidan viloyatning Karmana, Xatirchi, Nurota, Navbahor tumanlarida sel yo‘llari muhofaza zonasida noqonuniy qurilishlarni amalga oshirish, sel yo‘llarini to‘sish, har xil turdagi daraxtlar ekish holatlari ko‘paymoqda», — deydi Po‘latov.

Ma'lum qilinishicha, 2020 yilda toshqin suvlari va sel oqimlarini xavfsiz o‘tkazib yuborish maqsadida 11 ta obektda 6,7 milliard so‘mdan ortiq maxsus-muhandislik tadbirlari amalga oshirilgan. Joriy yilda esa 11 ta obektda 8 milliard 278 million so‘mlik ish bajarilishi rejalashtirilgan.

Matbuot anjumanida jurnalistlarga viloyatda qrim-kongo gemorragik isitmasi, quturish kasalligi hamda ovqatdan zaharlanishning oldini olish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar xususida ham ma'lumotlar berildi.

Avvalroq Navoiy shahridagi «Baxt tekstil» MChJda yong‘in sodir bo‘lgan va oqibatda 2800 tonnaga yaqin paxta hamda 200 tonnaga yaqin tola zararlangandi.

Top