12:00 / 21.04.2021
2252
O‘zbekistonda ajoyib videoroliklar tanlovi boshlanmoqda. O‘z videongizni suratga oling va zo‘r mukofotni qo‘lga kiriting!

Xitoyning O‘zbekistondagi elchixonasi “Do‘stlik ritmlari” mavzusidagi ajoyib videoroliklar tanlovini boshlamoqda. Unda barcha o‘zbekistonliklar ishtirok etishi mumkin. Buning uchun Xitoy va O‘zbekiston do‘stligiga bag‘ishlangan yoki Xitoy haqidagi taassurotlaringiz xususidagi  videorolikni suratga olishning o‘zi kifoya.

Videorolik shakli ixtiyoriy bo‘lishi mumkin. Masalan, TikTok uchun qisqa video, kichik hujjatli film, intervyu, lavha yoki tok-shou qabul qilinadi. Eng muhimi — kreativ yondashuv talab qilinadi. Yagona talab shundan iboratki, video 5 daqiqadan oshmasligi va mualliflik huquqlariga oid O‘zbekiston qonunchiligi buzilmasligi lozim. Tayyor videoroliklarni aloqa ma'lumotlari, muallifning ismi, sharifi va otasining ismi, TikTok va Telegram kanaldagi akkauntlari bilan birga chinaemb_uz@outlook.com manziliga yuborish mumkin.

Tanlov 20 aprel kuni boshlanib, dastlabki saralash 17 mayga qadar davom etadi. G‘oliblar 19 iyun kuni e'lon qilinadi, taqdirlash marosimi esa 22 iyunda o‘tkaziladi.

Malakali hakamlar hay'ati tomonidan dastlabki saralashdan o‘tgan videoroliklar 18 maydan 18 iyungacha TikTok’da, elchixonaning rasmiy veb-saytida hamda Telegram kanalida, shuningdek, O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi huzuridagi millatlararo munosabatlar va xorijiy davlatlar bilan do‘stona aloqalar bo‘yicha qo‘mita, ShHT xalq diplomatiyasi markazi va ularning hamkorlari rasmiy veb-saytlarida joylashtiriladi.

Yakuniy saralash jarayonida TikTok’da eng ko‘p layk to‘plagan va elchixonaning Telegram kanalida eng ko‘p ko‘rilgan ishtirokchilar g‘olib bo‘ladi.

Eng muhimi — sovrinlar! Tanlov g‘olibi asosiy sovrin – Huawei mobil telefoniga ega bo‘ladi. Bundan tashqari, o‘nta eng yaxshi videorolik mualliflariga ham sovrinlar berish ko‘zda tutilgan. Birinchi va ikkinchi o‘rin Huawei mobil telefoni, uchinchi o‘rin  esa Huawei plansheti bilan taqdirlanadi. Biroq bu hali hammasi emas!

G‘oliblar safidan o‘rin ololmagan o‘nta muallifga ham rag‘batlantiruvchi sovrinlar — Huawei mobil telefoni beriladi.

Shuningdek, “Tomoshabinlar e'tirofi sovrini” ham mavjud. Eng qiziq izoh bergan tomoshabinlar ham sovringa ega bo‘lishi mumkin. Ularga Beeline SIM-kartasi uchun tarif to‘lab beriladi.

Tanlov O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi huzuridagi millatlararo munosabatlar va xorijiy davlatlar bilan do‘stona aloqalar bo‘yicha qo‘mita hamda ShHT xalq diplomatiyasi markazi bilan birgalikda o‘tkazilmoqda.

Videoga qo‘yiladigan talablar

Video o‘lchami 720ga 1280 va undan yuqori, formati MPG, MPEG, AVI, MOV, WMA, MP4 bo‘lishi kerak. Tili – o‘zbekcha, ruscha, xitoycha. Xitoy tilida bo‘lsa, rus yoki o‘zbek tilidagi subtitrlarning berilishi maqsadga muvofiqdir.

Videoda zo‘ravonlik, diniy yoki irqiy kamsitishni targ‘ib qiluvchi kontent yoki reklamani joylashtirish, shuningdek, boshqa g‘ayriqonuniy harakatlarning bo‘lishi taqiqlanadi. 

Reklama huquqi asosida

Top