12:22 / 21.04.2021
5931

«Qonunni buzganlar jazosiz qolmaydi». Pensiya jamg‘armasi vafot etgan fuqarolarga to‘langan pensiyalar bo‘yicha munosabat bildirdi

Farg‘ona viloyat prokuraturasi Quva va Farg‘ona tumanlarida 2018–2020 yillar davomida 19,6 mln so‘mlik budjet mablag‘lari vafot etgan fuqarolarga pensiya sifatida to‘lab berilganini ochiqlagandi. 

Foto: KUN.UZ

Pensiya jamg‘armasining Kun.uz’ga bildirishicha, viloyatda aniqlangan holat bo‘yicha tegishli jazo choralari qo‘llanilgan. Jamg‘arma ijro etuvchi rahbariyati tomonidan tizimda ishlovchi xodimlarga tushuntirish ishlari olib borilgan.

«Farg‘ona viloyat prokuraturasi tomonidan Budjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi viloyat boshqarmasi, Quva va Farg‘ona tuman bo‘limlarida «Fuqarolarning davlat pensiya ta'minoti to‘g‘risida»gi qonun ijrosi o‘rganilgan.

O‘rganishlar natijasida 2018–2020 yillarda pensiya tayinlash komissiyalari tomonidan hujjatlar to‘liq o‘rganilmagani tufayli budjet mablag‘lari ortiqcha sarflangan. Budjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi Farg‘ona viloyat boshqarmasi, Quva va Farg‘ona tuman bo‘limlarida vafot etgan fuqarolar nomiga 19,6 mln so‘m pensiya to‘langani va boshqa qonunbuzilish holatlari aniqlangan.

Mansabdor va mas'ul xodimlarga nisbatan tegishli jazo choralari qo‘llanilgan. Shuningdek, jamg‘arma ijro etuvchi rahbariyati tomonidan tizimda ishlovchi xodimlarga tushuntirish ishlari olib borildi», deyiladi manba ma'lumotida.

Qayd etilishicha, fuqarolar pensiya ta'minoti bilan bog‘liq korrupsion vaziyatlar kuzatilganda jamg‘armaga murojaat etishlari kerak.

Avvalroq, Budjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi Farg‘ona viloyat boshqarmasi, Quva va Farg‘ona tuman bo‘limlarida vafot etgan fuqarolar nomiga 19,6 mln so‘m pensiya to‘langani va boshqa qonunbuzilish holatlari aniqlangani to‘g‘risida xabar berilgandi.

Eslatib o‘tamiz, «Fuqarolarning davlat pensiya ta'minoti to‘g‘risida»gi qonunning 63-moddasida pensionerning vafoti munosabati bilan olinmay qolgan pensiyani to‘lash va dafn etish uchun nafaqa to‘lash tartibi keltirilgan.

Pensioner vafot etgan taqdirda uning oilasiga yoki pensionerning dafn marosimini o‘tkazgan shaxsga pensiyani hisoblash bazaviy miqdorining to‘rt barobari miqdorida dafn etish nafaqasi to‘lanadi.

Jamg‘armaga ko‘ra, 2020 yilda prezident farmoni bilan 16 mingdan ortiq pensioner 25 mlrd so‘mlik ortiqcha to‘lovni to‘lamaydigan bo‘lgan edi. Bunda ortiqcha to‘lovlarning amalga oshirilishiga bir necha omillar sabab bo‘ladi. Xususan, texnik xatolar ro‘y berishi, fuqarolar soxta hujjatlar olib kelgan bo‘lishi, arxivda soxta hujjatni tasdiqlab berish holatlari hamda vafot etgan fuqarolar pensiyalari to‘lab yuborilgan bo‘lishi mumkin.

Qayd etish kerak, prezidentning mart oyidagi farmoni bilan vafot etgan fuqarolarga pensiya to‘lash tizimiga o‘zgartirish kiritildi.

Endilikda fuqarolarga o‘lim haqidagi guvohnoma olgandan so‘ng shu kunning o‘zida «Xalq banki»ning istalgan filialiga borib, bir martalik dafn nafaqasini olish imkoniyati yaratildi.

Bugungi kunda har bitta FHDYo organida «Xalq banki»ning sayyor kassalari bor. Fuqarolar guvohnoma olgach, o‘sha joyning o‘zida bir martalik dafn nafaqasini olishlari mumkin bo‘ladi.

Shuningdek, FHDYo organida elektron shaklda o‘lim qayd qilingandan so‘ng Pensiya jamg‘armasi aholi va uning yaqinlari kelmasa ham bir ish kunida unga tegishli dafn puli rasmiylashtirilishini ta'minlaydi.

Top