20:02 / 21.04.2021
6503
Tashqi savdo statistikasi ma'lum qilindi. Oltin hisobisiz eksportda o‘sish kuzatildi

2021 yil 1-choragida O‘zbekistonning tashqi savdo aylanmasi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 11,6 foizga kamaydi. TSAda MDH davlatlarining ulushi 40 foizdan oshdi.

Davlat statistika qo‘mitasi O‘zbekiston tashqi savdo aylanmasi bo‘yicha birinchi chorak hisobotini taqdim etdi.

Qayd etilishicha, 2021 yilning yanvar-mart oylarida respublikaning tashqi savdo aylanmasi 7,1 mlrd AQSh dollarini tashkil etib, 2020 yilga nisbatan 930 mln dollarga yoki 11,6 foizga kamaydi.

Xususan, hisobot davrida eksport hajmi 2,4 mlrd dollarni tashkil etdi va 26,5 foizga kamaydi. Biroq oltin hisobisiz eksport 6 foizga oshdi. Jahon bozorida oltin narxi tushib ketishi fonida, O‘zbekiston 7 oydan buyon oltin eksport qilmayapti.

Eksportning 26,6 foizi to‘qimachilik mahsulotlariga to‘g‘ri keldi. O‘tgan yilning mos davri bilan taqqoslaganda, bu yo‘nalishdagi eksport o‘sishi – 37,8 foiz.

Birinchi chorakda import hajmi 4,7 mlrd dollarni tashkil etdi, bu – bir yil oldingiga nisbatan 1,3 foizga kam.

Hisobot davrida 2,3 mlrd dollar qiymatida manfiy saldo qayd etildi.

O‘zbekistonning asosiy savdo hamkorlari

Tashqi savdo aylanmasining nisbatan salmoqli hissasi Xitoy (20 foiz), Rossiya (18 foiz), Qozog‘iston (12,2 foiz), Turkiya (9,2 foiz), Koreya (5,7 foiz), Qirg‘iziston (2,6 foiz) va Afg‘onistonda (2,3 foiz) qayd etilgan.

2021 yilning yanvar-mart oylarida tashqi savdo aylanmasida MDH davlatlarining ulushi 40,3 foizni tashkil etib, 2020 yilga nisbatan ulushi 4,8 foizga ko‘paygan.

O‘zbekistonning MDH mamlakatlari bilan tashqi savdo aylanmasi 2021 yil yanvar-mart holatiga 2,8 mlrd AQSh dollarini tashkil etdi. Shundan eksport – 939,9 mln dollarga yetgan bo‘lsa, import – 1,8 mlrd dollar qiymatida qayd etildi.

Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan O‘zbekiston tashqi savdo aylanmasi 2,4 mlrd AQSh dollarini tashkil etdi. Shundan eksport hajmi 766,1 mln dollar, import hajmi esa 1,6 mlrd dollar.

Top