18:05 / 21.04.2021
6976
«Un birjaga qaytishi uchun maxsus komissiya qarori bekor bo‘lishi kerak» – tovar-xomashyo birjasi mas'uli

2019 yil 15 oktyabrdan I navli unning ochiq birja savdosi orqali sotilishi yo‘lga qo‘yilgan edi. Biroq O‘zbekistonda koronavirus pandemiyasi boshlangach, 2020 yil aprel oyida unni ochiq savdoda sotish to‘xtatildi.

O‘tgan yil aprel oyida koronavirus pandemiyasi boshlangach, unni ochiq savdoda sotish to‘xtatilgan edi. Un birjadan nega olib tashlangani va qachon ochiq savdoga qaytarilishi borasida Respublika tovar xom-ashyo birjasi AJ boshqarma boshlig‘i Mansurjon To‘ychiyev Kun.uz’ga ma'lum qildi.

«Maxsus komissiya qarori bilan unni chekka hududlarga yetkazib berish maqsadida birjada sotish to‘xtatilgan. Bu qarorda «lokdaun» – yo‘llar yopilgan paytda asosiy oziq-ovqat mahsulotlarini aholiga manzilli yetkazib berish maqsad qilingan edi. Unni ochiq birja savdolariga qaytarish uchun maxsus komissiya qarori bekor bo‘lishi kerak. Mana shu qaror hukumat tomonidan qabul qilinishi bilan un bo‘yicha shaffof birja savdolarini tashkillashtirib beradi»,- dedi boshqarma boshlig‘i.

Respublika tovar xom-ashyo birjasi AJ boshqaruv raisining birinchi o‘rinbosari Zulfiddin Kamolovga ko‘ra, unni birjaga qaytarish borasida choralar o‘ylanmoqda, biroq hali aniq muddat belgilanmagan. U bu haqda 20 aprel kuni AOKAda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma'lum qildi.

«Xabaringiz bor, bizda birjada un sotilishni boshlagan edi. Bu tizim vakolati vaqtinchalik hokimliklarga o‘tkazilgan. Aholi sonidan kelib chiqqan holda, ro‘yxat asosida to‘g‘ridan to‘g‘ri sotish mexanizmi joriy qilindi. Unni ochiq birja savdosiga qaytarish masalasi tegishli hukumat idoralari tomonidan ko‘rib chiqilmoqda. Biroq, aniq muddat belgilanmagan»,- dedi u.

Eslatib o‘tamiz, 2020 yil 6 apreldagi koronavirus pandemiyasi sharoitida yuzaga kelgan vaziyatni inobatga olib, un mahsulotini barcha hududlarga bir maromda yetkazib berishni ta'minlash maqsadida, birja savdolarisiz to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnomalar bilan sotilishi belgilangandi.

«O‘zdonmahsulot» aksiyadorlik kompaniyasi boshqaruv raisining birinchi o‘rinbosari Shuhrat Uzoqov pandemiya davrida kompaniya tarkibiga kiruvchi don mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnoma qilgan holda, tadbirkorlar un xarid qilishi mumkinligini ma'lum qilgandi.

Shuningdek, o‘tgan yil aprel oyida un mahsulotlari yetkazib berilishi hamda narxlarning shakllanishi soliq va huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan qat'iy nazoratga olinishi xabar qilingan edi.

Top