00:22 / 21.04.2021
21274
Xitoy kompaniyasi Bugatti Chiron’dan shiddatliroq giperkarni taqdim etdi
Foto: Hongqi

Xitoyning Hongqi kompaniyasi Shanhaydagi avtosalonda yangi giperkari S9’ni taqdim etdi. E'tiborlisi, giperkar dunyodagi eng tez giperkarlardan biri sanalgan Bugatti Chiron’ga raqobatchilik qilishi kutilmoqda.

Avtomobil ugleplastik kuzovdan tashkil topib, 4 silindrli benzin dvigateli va elektr motordan iborat gibrid kuch qurilmasi bilan jihozlangan. Kuch qurilmasining umumiy quvvati 1400 ot kuchidan ko‘proqni tashkil qiladi.

Kompaniya ma'lumotlariga ko‘ra, giperkar joyidan 100 km/soat tezlikka 1,9 soniyada erisha oladi. U bu borada Bugatti Chiron’dan 0,6 soniya tezroq hisoblanadi. Mashinaning maksimal tezligi esa 400 km/soatni tashkil qiladi.

Mashinaning tashqi ko‘rinishi ustida avtomobilsozlik sohasidagi taniqli dizayner Valter de Silva ish olib borgan. U avvalroq Audi R8 va Lamborghini Egoista mashinalari dizaynini yaratishda ishtirok etgan. 

Hammasi bo‘lib Hongqi S9’dan 99 dona ishlab chiqariladi. Mashinaning ilk nusxalari o‘z egalariga 2022 yilda yetkazib beriladi. Mashinaning narxi 1,5 mln dollarga yaqinni tashkil qilishi kutilmoqda. 

Bunday ko‘rsatkichlar S9’ni Xitoy hududida ishlab chiqariluvchi eng kuchli, tezyurar va qimmatbaho mashinaga aylantiradi.

Top