11:21 / 21.04.2021
29405

Zelenskiy Putinga Donbassning istalgan joyida uchrashishni taklif qildi

Foto: TACC

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy rossiyalik hamkasbi Vladimir Putinga Donbassning istalgan yerida uchrashishni taklif qildi. 

Zelenskiy o‘z videomurojaatida, «normand to‘rtligi» siyosiy maslahatchilarining 19 apreldagi yig‘ilishida Donbassdagi vaziyatni tushunish uchun qarama-qarshi kuchlar to‘qnashish chizig‘ida uchrashish taklif qilinganini aytgan.  

«Nimani tushunishim kerak? Men shundoq ham barchasini yaxshi tushunaman, har oy u yerda bo‘laman. Men bundan ham uzoqroqqa borib, siz bilan Ukrainaning urush borayotgan Donbassidagi istalgan joyda uchrashishni taklif qilaman», deb yuzlangan Zelenskiy Putinga. 

Uning ta'kidlashicha, ikki davlat o‘rtasida urush borgudek bo‘lsa, bu millionlab odamlar hayotiga ta'sir o‘tkazadi va oxir natijada ikki tomon ham bundan yutqazadi. Ukraina yetakchisining ta'kidlashicha, «tinchlikni tankda olib kelib bo‘lmaydi».  

«Rossiya prezidenti bir marta «Agar mushtlashuvdan qochishning iloji bo‘lmasa, unda birinchi bo‘lib musht tushirish kerakligini» aytgandi. Biroq, fikrimcha, bugungi kunda har bir yetakchi gap bezorilar haqida emas, balki haqiqiy urush haqida borganda mushtlashuvdan qochish ilojsizligini bilishi lozim. Hujum qilib, biror kimni himoyalash hamda bosib olib, kimnidir ozod qilish mumkin emas», deb ta'kidlab o‘tgan Zelenskiy. 

Uning fikricha, Ukraina va Rossiya umumiy o‘tmishga egaligiga qaramay, «kelajakka turlicha qaraydi». «Biz – bu biz. Siz – bu siz. Biroq bu albatta muammo bo‘lishi shart emas, bu – imkoniyatdir. Juda bo‘lmasa, hali kech bo‘lmasdan, kelgusi harbiy yo‘qotishlarni to‘xtatish uchun imkoniyat», deb ta'kidlab o‘tgan Ukraina yetakchisi.  

Zelenskiy Ukraina tinchlik uchun diplomatik yo‘l bilan kurashishga tayyorligini, biroq shu bilan birga o‘zini himoya qilishga tayyorlanayotganini qo‘shimcha qilgan. «Ukraina urush istaydimi? Yo‘q. Unga tayyormi? Ha. Ukraina tinchlik uchun diplomatik yo‘l bilan kurashishdan to‘xtaydimi? Hech qachon. Ukraina bordi-yu zarurat yuzaga kelsa, o‘zini himoya qiladimi? Har doim. Bizning prinsip oddiy – Ukraina urushni birinchi boshlamaydi, biroq har doim oxirigacha kurashadi», deb aytgan Ukraina yetakchisi. 

Donbassdagi vaziyat mart oyida keskinlashdi. Mart oxirida Rossiya Ukraina bilan chegaralariga 4 ming harbiyni joylashtirgani ma'lum qilingandi. Ma'lumotlarga ko‘ra, ikki davlat o‘rtasidagi chegara bo‘ylab Rossiya qurolli kuchlarining 28ta batalon taktik guruhi joylashtirilgan.    

Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov Rossiya qo‘shinlarining mamlakat bo‘ylab harakatlanishi boshqa davlatlarga tahdid solmasligini va ularni tashvishlantirmasligi kerakligini aytgan. U Rossiya o‘z chegaralari xavfsizligini ta'minlash uchun zarur choralarni amalga oshirayotgani, rossiyalik harbiylar Ukrainadagi ixtilofda hech qachon ishtirok etmaganini ta'kidlab o‘tgan. Rossiya mudofaa vazirligida harbiylarning Qrim yarimoroliga ko‘chirilishi Janubiy harbiy okrugning reja bo‘yicha o‘tkazilayotgan mashg‘ulotlari bilan tushuntirilgan. 

G‘arb davlatlari yetakchilari Rossiyani o‘z qo‘shinlarini Ukraina bilan chegaradan olib ketishga chaqirishmoqda, AQSh va NATO esa Ukraina sharqida vaziyat keskinlashgudek bo‘lsa, Kiyevga yordam berishga tayyorligini bildirgan.  

Top