08:43 / 22.04.2021
5215
Avtovokzal va avtostansiyalarga bir qator yangi talablar qo‘yilmoqda

Transport vazirining “Yo‘lovchilar avtovokzallari, avtostansiyalari to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi buyrug‘i loyihasi e'lon qilindi.

Buyruq loyihasi bilan yo‘lovchilar avtovokzallari, avtostansiyalari to‘g‘risida nizom tasdiqlanmoqda. Nizom avtovokzallar va avtostansiyalar, shu jumladan davlat-xususiy sheriklik tamoyillari asosida ishlaydigan avtovokzallar va avtostansiyalarning asosiy vazifalari, funksiyalari va faoliyati texnologik jarayonini belgilaydi.

Avtovokzal, avtostansiyaning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:

  • yo‘l harakati xavfsizligini va avtovokzal (avtostansiya)ning xavfsiz ishlash sharoitlarini ta'minlash;
  • avtomobil transportida yo‘lovchilar tashish faoliyatini amalga oshirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida barcha bo‘linmalar va xizmatlar uzluksiz ishini tashkil etish;
  • yo‘lovchilarga ko‘rsatilayotgan xizmatlar ommabopligi, zarur hajmi va sifatini ta'minlash.

Har bitta vazifani bajarish uchun bir qator funksiyalar amalga oshirilishi ko‘zda tutilmoqda.

Nizomda avtovokzal (avtostansiya)ni tashkil qilish tartibi va avtovokzallarning kategoriyalari va avtostansiyalarning klasslarini aniqlash mezonlari ko‘rsatilgan.

Quyidagilar avtovokzallar kategoriyalari va avtostansiyalar klasslarini aniqlash mezonlari hisoblanadi:

a) yo‘lovchilarning aynan bir vaqtdagi sig‘imi;

b) avtotransport vositalarining bir sutkadagi jo‘nab ketishlari soni;

v) binolar, inshootlar, ishlab chiqarish hududlari, texnologik anjomlar mavjudligi.

Kategoriyasi va klassi hisobga olingan holda, avtovokzal va avtostansiyalarga bir qator talablar qo‘yilmoqda. Jumladan, hududida yo‘lovchilarni chiqarish va tushirish perronlari, reyslar o‘rtasida avtotransport vositalari to‘xtab turadigan maydonchalar, chiqarish/tushirish perronlarida nogironlar aravachalari uchun mo‘ljallangan shoxobcha yo‘llar, nogironlarni aravachalari bilan chiqarish va tushirish uchun jihozlangan joylar mavjudligi, perimetri bo‘yicha to‘siqlar hamda videokuzatish kameralari o‘rnatilishi, turg‘un metall detektorlar bilan jihozlanishi va boshqalar.

Bundan tashqari, avtovokzal va avtostansiyalarda avtotransport vositalari harakatini tashkil etish va yo‘lovchilarga madaniy-maishiy xizmat ko‘rsatish, axborot xizmati, chipta kassalari, bagaj va qo‘l yukini saqlash xonalari ishini tashkil etish tartibi belgilanmoqda.

Shu bilan birga, shahar, shahar atrofi, shaharlararo va xalqaro yo‘nalishlarda band bo‘lgan avtotransport vositalari ishi dispetcher orqali boshqarilishiga alohida e'tibor qaratilgan.

Top