11:50 / 22.04.2021
9134

«Hududgazta'minot» firibgar gaz «inspektor»lari to‘g‘risida ogohlantirdi

So‘nggi kunlarda ayrim hududlarda o‘zini gaz ta'minoti tashkiloti inspektori deya tanishtirib, xonadonlardagi hisoblagichlar ko‘rsatkichlarini tekshirish bahonasida uy egalaridan tabiiy gaz uchun pul mablag‘larni o‘zlashtirib olayotgan firibgarlar aniqlanib, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar tomonidan qo‘lga olinayotgani haqida ma'lumotlar tarqaldi.

“Hududgazta'minot” matbuot xizmati ma'lum qilishicha, ilgari iste'molchilarning gaz hisoblagichlaridagi ko‘rsatkichlarni yig‘ish hamda tizimga kiritish bilan shug‘ullangan inspektorlar lavozimi bekor qilingan.

Bildirilishicha, 2020 yilda “Hududgazta'minot” tomonidan tabiiy gazni hisobga olishning avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimi (GNHAT/ASKUG) loyihasini amalga oshirish boshlandi hamda uning doirasida iste'molchilar barcha toifalari uchun iste'mol qilingan tabiiy gaz uchun ko‘rsatkichlarni real vaqt rejimida “BillingGaz” tizimiga uzatuvchi elektron gaz hisoblagichlar o‘rnatilmoqda.

“Shuningdek, gaz yetkazib beruvchi va abonent o‘rtasida o‘zaro ishonchga asoslangan munosabatlarni o‘rnatish, shuningdek, GNHAT tizimiga ulanmagan hamda avval o‘rnatilgan gaz hisoblagichlaridan tabiiy gaz iste'moli to‘g‘risidagi ma'lumotlarni “BillingGaz” tizimiga kiritishda inson omilini qisqartirish maqsadida, “Hududgazta'minot” maxsus Telegram botni ishga tushirdi.

Ushbu Telegram bot asosan GNHAT (ASKUG) tizimiga ulanmagan gaz hisoblagich ko‘rsatkichlarini mustaqil tarzda gaz idorasiga yuborish uchun ishlab chiqildi.

Qolaversa, endi ushbu bot orqali tabiiy gaz iste'molchilari nafaqat hisoblagich ko‘rsatkichlarini mustaqil tarzda o‘zlari kiritishlari, balki gaz iste'moli hajmi bo‘yicha barcha zarur ma'lumotlarni olishlari, ro‘yxatdan o‘tishlari va shaxsiy hisobraqamlarini doimiy tekshirishlari, shuningdek, gaz ta'minoti uchun to‘lovlarni ham amalga oshirishlari mumkin. Buning uchun Telegram messenjeriga kirib, “qidiruv” qismiga @hgt_abonent_bot deb yozish kifoya”, deyiladi ma'lumotda. 

Agar xonadonga mahallada faoliyat yuritgan sobiq inspektor gaz to‘lovlari bilan bog‘liq holatlar bo‘yicha kelsa, “Hududgazta'minot” zudlik bilan mahalla profilaktika inspektoriga yoki jamiyatning 1104 qisqa raqami va Facebook ijtimoiy tarmog‘idagi “Gaz ta'minoti muammolari va ularni hal etish yo‘llari” guruhi orqali murojaat qilishni so‘ragan.

Top