09:16 / 22.04.2021
8053
Pokistonda Xitoy elchisiga qarshi terakt amalga oshirildi – OAV 
Foto: Reuters

Pokistonning Kvetta shahrida (Balujiston viloyati) joylashgan «Serena» mehmonxonasi avtoturargohida bomba portlashi oqibatida 4 kishi halok bo‘ldi, 11 kishi yaralandi. Taxminlarga ko‘ra, terakt Xitoy elchisiga qarshi qaratilgan bo‘lgan. 

Ma'lum qilinishicha, portlash voqea joyidan bir necha kilometr olisda ham eshitilgan.  

Taxminlarga ko‘ra, terakt tashkilotchilari Kvettaga safari vaqtida mehmonxonada to‘xtagan Xitoy elchisi Nong Rongni o‘ldirmoqchi bo‘lishgan. Dastlab Xitoy elchisi terakt qurboniga aylangani ma'lum qilingan. Biroq keyinroq Pokiston ichki ishlar vaziri shayx Rashid Ahmad mehmonxonada portlovchi modda bilan to‘ldirilgan avtomobil portlagani, voqea vaqtida Xitoy elchisi mehmonxonada bo‘lmagani, u boshqa yerdagi tadbirda ishtirok etganini ma'lum qilgan.  

Ta'kidlanishicha, portlash elchining mehmonxonaga kelishidan bir necha daqiqa oldin sodir etilgan.   

Balujiston viloyati ichki ishlar vaziri Ziyoulloh Langoning ta'kidlashicha, Xitoy elchisi «yaxshi kayfiyatda qolmoqda» va uning Kvettaga tashrifi 22 aprelda o‘z nihoyasiga yetadi. 

Ushbu hujum uchun javobgarlikni «Tolibon»ning Pokistondagi bo‘limi o‘z zimmasiga oldi. Jangarilar Balujistonning Pokistondan mustaqilligi uchun va Xitoyning ushbu hududdagi yirik investitsion loyihalariga qarshi kurash olib boradi.    

«Serena» mehmonxonasi Kvettadagi eng mashhur mehmonxona hisoblanadi. Bu yerda hukumat amaldorlari va yuqori martabali mehmonlar to‘xtaydi. U Eron konsulxonasi va viloyat parlamenti binosi yaqinida joylashgan.  

Kvetta shahri foydali qazilmalarga boy Balujiston viloyatining poytaxti hisoblanadi. Viloyat Eron va Afg‘oniston bilan chegaradosh bo‘lib, uzoq vaqt davomida mahalliy millatchilarning isyonchilik harakati uchun kurash maydoni bo‘lib kelgan. 

Top