20:18 / 22.04.2021
11116
Respublika bo‘yicha 163ta maktab karantinga olingan - XTV

22 aprel holatiga, respublika bo‘yicha 163 ta maktab, ya'ni jami maktablarning 1,6 foizi masofaviy ta'lim shakliga o‘tkazilgan, deb ma'lum qildi Xalq ta'limi vazirligi.

AOKAda bo‘lib o‘tgan brifingda Xalq ta'limi vazirligi matbuot kotibi Laylo Rustamova ijtimoiy tarmoqlar orqali yuborilgan savollarga javob berdi.

Qanday holatda maktablar onlayn ta'lim shakliga o‘tkazilmoqda va onlayn ta'lim qancha davom etadi?

Joriy yilning 18 aprelidan Respublika maxsus komissiyasi qaroriga asosan yurtimizda karantin qoidalariga qat'iy amal qilinishini nazorat qilish tadbirlari yanada kuchaytirildi.

Maktablarda o‘qituvchi va o‘quvchilari orasida koronavirus infeksiyasini yuqtirish holatlari aniqlangan taqdirda, Sanitariya-epidemiologik xizmat markazlari tuman (shahar) xalq ta'limi bo‘limi va tuman (shahar) hokimligiga taklif kiritib, Xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlari yoki hududiy komissiya qarorlari bilan ayrim maktablarning faoliyati vaqtincha to‘xtatilib, 2 haftaga karantinga olinmoqda. Ushbu vaqt mobaynida mazkur maktablar onlayn tartibida faoliyat yuritadi.

Ma'lumot uchun: Bugungi kun (22 aprel holatiga ko‘ra, respublika bo‘yicha jami 10008 ta maktabdan 163 tasi, ya'ni 1,6 foiz maktablar masofaviy ta'lim shakliga o‘tkazilgan, ya'ni karantinga olingan. Bu raqamlar Sanitariya-epidemiologik xizmat markazlarining talabnomalaridan kelib chiqib, o‘zgarib boradi.

Masofaviy ta'lim shakliga o‘tkazilgan o‘quvchilarga O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi bilan hamkorlikda “Onlayn maktab” loyihasi yo‘lga qo‘yilgan.

2020-2021 o‘quv yili uchun “Onlayn maktab” ruknida jami 17298 ta televizion darslar o‘zbek, rus va qoraqalpoq tillarida tasvirga olingan va ulardan 15362 tasi efirga uzatilgan.

Mazkur jarayonga 218 nafar tajribali fan o‘qituvchilari, 12 nafar surdo-tarjimon, 33 nafar muharrirlar jalb qilingan.

“Onlayn maktab” ruknidagi televizion darslar joriy yilning 25 mayiga qadar mazkur telekanallarda efirga berib boriladi. Shuningdek, uzeduonlinemaktab telegram kanali orqali o‘quvchilar uchun darslarni qayta ko‘rib chiqish imkoniyatlari ham mavjud. 

Top