09:04 / 22.04.2021
1803

Xorijga chiqish uchun 1200 AQSh dollar evaziga soxta hujjat tayyorlab bermoqchi bo‘lgan shaxs ushlandi

Andijon shahrida yashovchi fuqaro boshqa bir fuqaroga Rossiyaga chiqish uchun 1200 dollar evaziga qalbaki hujjatlar tayyorlab berayotganda qo‘lga olingan. Bu haqda Transport vazirligi axborot xizmati xabar bermoqda.

25 yoshli I.S. Farg‘ona xalqaro aeroporti oldida mahalliy fuqaro bilan uchrashib, unga o‘zini sayyohlik firmasi xodimi sifatida tanishtirgan.

Unga Rossiyaga ketishiga yordam berishini aytgan. I.S. fuqaroning jo‘nab ketishida zarur bo‘ladigan aviachipta, muassasalarda davolanish uchun taklifnoma hamda koronavirus kasalligi aniqlanmagani to‘g‘risida PZR test ma'lumotnomasini tayyorlab berishini aytgan va xizmati evaziga 1200 dollar so‘ragan.

I.S. ushbu fuqaro nomiga qalbaki ravishda tayyorlangan Rossiyaning tibbiy muassasalarida davolanish uchun taklifnoma va PZR test ma'lumotnomasini berib, undan 1100 AQSh dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Hozirda I.S.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 168- (Firibgarlik) va 228-modda (Hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish)lari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Avvalroq, Buloqboshi tumani soliq bosh inspektori firibgarlik jinoyati ustida ushlanganligi haqida xabar qilgan edik.

Top