12:35 / 23.04.2021
6698

2020 yilda jinoyatlarni qasddan yashirgan 22 nafar mas'ul xodimlar jinoiy javobgarlikka tortilgan - Bosh prokuror

Jinoyat haqidagi arizalarni qabul qilish tizimi ustidan nazorat kuchaytirilishi natijasida 2437ta hisobdan yashirilgan jinoyatlar aniqlangan. Shuningdek, jinoyatlarni qasddan yashirgan 22 nafar mas'ul xodimlar jinoiy javobgarlikka tortilgan. Bu haqda O‘zbekiston Bosh prokurori Nig‘matilla Yo‘ldoshev Senat yalpi majlisidagi hisobotida ma'lum qildi.

«O‘tgan yildan barcha jinoyatlarni 2 toifaga, ya'ni oldini olish mumkin bo‘lgan va aniqlanadigan jinoyatlarga ajratib, jinoyatlarning oldi olinishi, aniqlanadigan jinoyatlarning esa, muqarrar fosh etilishi ustidan nazoratni kuchaytirdik. Natijada, o‘tgan yili jinoyatlarni aniqlash ko‘rsatkichi oldingi yillarga nisbatan keskin ortib, qariyb 20 mingtani tashkil qildi.

Misol uchun, Chilonzor tumanida ichki ishlar xodimlari 4 nafar, Shayxontohur tumanida esa 18 nafar fuqarolarning bosqinchilik, bezorilik va o‘g‘irlik haqidagi murojaatlari bo‘yicha hujjatlarni soxtalashtirib, jinoyatlarni qasddan yashirgan. Bunday salbiy holatlarning oldini olish maqsadida tergovga qadar tekshiruv ustidan elektron nazorat qilish imkonini beruvchi e-material elektron tizimi yaratildi.

Ushbu tizimga tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi 12 ta idoralarning integratsiya qilinishi va to‘liq ishga tushirilishi ta'minlandi. Endilikda mas'ul idora rahbarlari va prokurorlar tekshirish jarayonlarining borishini onlayn kuzatish va nazorat qilish imkoniyatiga ega bo‘ldi», – deydi bosh prokuror.

Eslatib o‘tamiz, yaqinda Termiz shahrida 16 yoshli qizning nomusiga tegilgan, ammo oradan 14 oy o‘tgan bo‘lsa-da, shahar IIB holat yuzasidan jinoyat ishi ochgani yo‘qligi xabar qilingandi.

Shuningdek, xonanda Jasur Umirovning bir guruh shaxslar bilan voyaga yetmagan qizni zo‘rlab, nomusiga tekkani holati ekspertiza xulosalari tasdiqlab turgan bo‘lishiga qaramay, Kattaqo‘rg‘on tuman IIB xodimlari tomonidan yashirib kelingandi.

Hodisa OAV va jamoatchilik e'tiboriga tushgandan so‘ng xonanda va uning sheriklariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, sud hukmi bilan ularga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangandi.

Kattaqo‘rg‘ondagi jinoyat bilan deyarli bir vaqtda Toshkent viloyatida sodir etilgan 14 yoshli qizning nomusiga tegish jinoyati hamon ochilmay qolmoqda. Qizning ota-onasi 2020 yil sentyabr oyida O‘rta Chirchiq tuman IIBga murojaat qilganiga qaramay, oradan yarim yil o‘tganiga qaramay jinoyatchilarga nisbatan haligacha hech qanday chora ko‘rilmagan.

Shuningdek, Farg‘ona viloyatining Quva tumanida kollejning uchinchi kursida o‘qiyotgan 19 yoshli qiz o‘g‘irlab ketilgani va bir oy davomida uch kishi tomonidan muntazam zo‘rlab kelingani aytilmoqda. IIB bu murojaatni o‘rganib chiqib, bunda jinoyat alomati yo‘q deya jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etgan.

Top