15:37 / 23.04.2021
13807

«Beruniyda 420 mln so‘mga qurildi deb ko‘rsatilgan maktab filiali bo‘m-bo‘sh yer bo‘lib chiqdi» - Senat raisi

Foto: Oliy Majlis Senati axborot xizmati

Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva Xalq ta'limi vazirligi va Maktabgacha ta'lim vazirliklari tizimida hududlarda kuzatilgan moliyaviy xato va mablag‘larni noqonuniy o‘zlashtirish holatlari haqida gapirdi.

Unga ko‘ra, xalq ta'limi tizimida 192 mlrd so‘mdan ziyod moliyaviy xato aniqlangan, 40 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ noqonuniy o‘zlashtirilgan. Shuningdek, Beruniy tumanida 420 mln so‘mga qurilgan deya ko‘rsatilgan maktab filiali aslida qurilmagani aniqlangan.

«Xalq ta'limi tizimida 192 mlrd so‘mdan ziyod moliyaviy xato va kamchiliklar aniqlangan. Soxta hujjatlar asosida 40 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘, jumladan Dehqonobod, Chiroqchi, Qamashi, Yakkabog‘ tumanlari xalq ta'limi bo‘limlarida 8.7 mlrd so‘mlik ish haqi noqonuniy o‘zlashtirilgan, milliardlab mablag‘lar samarasiz loyihalarga ajratilgan.

Tizimdagi qurilish-ta'mirlash ishlarida qariyb 6 mlrd so‘m noto‘g‘ri sarflangan. Beruniy tumanida 420 mln so‘mga qurilib foydalanishga topshirildi deb ko‘rsatilgan maktab filiali aslida bo‘m-bo‘sh yer bo‘lib chiqqanini aqlga sig‘dira olmayman.

Bu kabi kamchiliklarni maktabgacha ta'lim tizimida ham ko‘rish mumkin. Quyi bo‘g‘inlarda juda katta moliyaviy xatoliklar bo‘lyapti. 40 mlrd so‘m moliyaviy xatolik yuz bergan bo‘lsa, qariyb 4.5 mlrd so‘m mablag‘ noqonuniy o‘zlashtirilgan. Savol tug‘iladiki, bu sohalarda ichki nazorat yo‘qmi?» deya ta'kidladi Senat raisi.

Top