13:59 / 23.04.2021
5472

O‘zbekistonda ishbilarmonlik faolligi indeksi qariyb 19 foizga o‘sdi

Koronavirus pandemiyasi boshlangandan buyon ishbilarmonlik faolligi indeksida o‘tgan oyga qaraganda ham, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan ham keskin ijobiy o‘sish kuzatildi.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazining Kun.uz’ga ma'lum qilishicha, O‘zbekistonda ishbilarmonlik faolligi indeksi 2021 yil mart oyida 1 ming 187 birlikni tashkil etib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 18,7 foizga oshdi.

Komponentlar darajasidagi o‘zgarishlar

2021 yilning fevral oyida ishbilarmonlik faolligi indeksi o‘tgan oyga nisbatan 12,7 foizga oshib, 1 ming 127 birlikni tashkil etishi quyidagi komponentlar darajasidagi o‘zgarishlarga bog‘liq bo‘lgan:

  • xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarning bank hisobvaraqalaridagi operatsiyalari soni 15,7 foizga oshgan;
  • faoliyat ko‘rsatayotgan xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar bo‘yicha komponent 8,1 foizga oshgan;
  • tovar-xomashyo birjasida xomashyo sotib olish jadalligi 10,2 foizga oshgan;
  • tovar belgilari bo‘yicha komponent 44,4 foizga oshgan.

Eng yuqori o‘sish sur'ati qaysi hududlarda kuzatilgan?

2021 yil mart oyida ishbilarmonlik faolligi indeksi barcha hududlarda o‘tgan oyga (2021 yil fevral) nisbatan o‘sishi kuzatilgan. Qoraqalpog‘iston (45,3 foiz), Andijon (27 foiz), Jizzax (20,7 foiz) va Xorazm (20 foiz) viloyatlarida sezilarli darajada o‘sish kuzatilgan.

Bank hisobvaraqalari bo‘yicha operatsiyalar

2021 yil mart oyida banklararo to‘lov operatsiyalari soni 5 mln 49 ming 700 tani tashkil etdi va o‘tgan oyga nisbatan 686,8 ming tranzaksiyaga (15,7 foiz) oshgan.

Banklararo to‘lov operatsiyalari soni barcha hududlarda o‘sdi

2021 yil martda respublikaning barcha hududlarida, yuridik shaxslar o‘rtasidagi bank operatsiyalari soni o‘tgan oyga nisbatan oshgan. Xususan, sezilarli darajadagi o‘sish Toshkent shahri (18,8 foiz), Surxondaryo (18,8 foiz), Andijon (17,3 foiz), Buxoro (15,7 foiz) va Namangan (15 foiz) viloyatlarida kuzatilgan.

Tovar-xomashyo birjasidagi faollik

2021 yilning mart oyida ishbilarmonlik faolligi indeksining birja komponenti o‘tgan oyga nisbatan 1,1023 birlikni tashkil etdi va 10,2 foizga oshdi. Ushbu komponentning oshishi bitimlar sonining 19,3 foizga oshganligi bilan izohlanadi.

Respublika tovar-xomashyo birjasida tovarlar savdosi umumiy aylanmasi hajmi 2021 yil mart oyida 5 trln 443 mlrd 700 mln so‘mni tashkil etib, ushbu ko‘rsatkich o‘tgan oyga nisbatan 12 foizga oshgan.

Xo‘jalik yurituvchi sub'ektlarning faolligi

Faoliyat yuritayotgan xo‘jalik sub'yektlari bo‘yicha komponent 2021 yil martida o‘tgan oyga nisbatan 8,1 foizga oshganligini ko‘rsatadi.

2021 yil mart oyida faoliyat yuritayotgan xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar soni o‘tgan oyga nisbatan 7 ming 63taga ko‘payib, 538 ming 537 tani (2021 yilning fevral oyida 531 ming 474 ta) tashkil etdi.

Yirik tadbirkorlik bilan shug‘ullanuvchi korxonalar soni oshdi

Hisobot davrida, o‘tgan oyga nisbatan kichik korxonalar soni 423 ming 511 tadan 428 ming 625 tagacha oshgan (o‘sish 5 ming 114 ta). Fermer xo‘jaliklari soni 104 ming 945 tadan 106 ming 79 tagacha (o‘sish 1 ming 134 ta) ko‘paygan. Yirik tadbirkorlik bilan shug‘ullanayotgan sub'yektlar soni 3 ming 833 tani tashkil etib, 2021 yilning fevral oyiga nisbatan 815 taga oshgan.

Brendlarni ro‘yxatga olish

2021 yil mart oyida savdo belgilari muhofazasi bo‘yicha biznes faolligi indeksi fevral oyiga nisbatan 44,4 foizga oshdi. O‘tgan oyda yuridik shaxslar tomonidan 325 ta tovar belgilari va tovar nomlari ro‘yxatga olingan.

Top