22:04 / 23.04.2021
4174
«O‘zbekneftgaz»: Boshqaruv raisining «Gazli» zavodiga tashrifi davomida suyultirilgan gaz quyish tarmog‘i foydalanishga topshirildi

«O‘zbekneftgaz» AJ Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullayev boshchiligidagi «Ishchi guruh» suyultirilgan gaz ishlab chiqarish holatini o‘rganish maqsadida, «Gazli» gazni qayta ishlash zavodida bo‘ldi.

Foto: O‘zbekneftgaz

«Gazli» gazni qayta ishlash zavodida Propan-butan aralashmasini olish qurilmasining 2-bosqichi muvaffaqiyatli ishga qo‘shilib, suyultirilgan gaz mahsuloti ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgani haqida xabar bergan edik.

Boshqaruv raisining tashrifi davomida, ushbu qurilmadan ishlab chiqarilayotgan suyultirilgan gaz Zavodning suyultirilgan gaz quyish tarmog‘idan respublika aholisiga yetkazib berila boshlandi.

«Gazli» gazni qayta ishlash zavodida Propan-butan aralashmasi olish qurilmasining ishga tushirilishi munosabati bilan yillik suyultirilgan gaz ishlab chiqarishning quvvatlari oshdi. Shuni inobatga olgan holda, loyiha doirasida Suyultirilgan gaz quyish tarmog‘ida mahsulot saqlash sig‘imlari o‘rnatildi.

Shuningdek, 10 ta hajmi 200 kub metr bo‘lgan sig‘im Rossiyaning «Azstrasstroy» zavodidan, gazni quyishga mo‘ljallangan porshenli kompressor agregatlari «Promresurs» kompaniyasi tomonidan keltirilib, o‘rnatildi.

Boshqaruv raisi suyultirilgan gaz aholiga yetkazilishi borasida bu yerda bajarilgan ishlarni nazorat qildi va belgilangan sanoat xavfsizligi talablariga rioya qilinmaganlik holati uchun mas'ullarga tanbeh berdi va qisqa fursatda bu muammolarni bartaraf etish bo‘yicha topshiriqlar berdi.

Boshqaruv raisi rasman Suyultirilgan gaz quyish tarmog‘ini foydalanishga topshirilishiga ruxsat berdi va Gazli gazni qayta ishlash zavodida ishlab chiqarilgan suyultirilgan gaz mahsuloti o‘zining ilk iste'molchilari uchun yuklab jo‘natila boshlandi.

Boshqaruv raisi suyultirilgan gaz tashuvchi avtomashinalar haydovchilari bilan suhbat qurib, ularning fikrlari bilan qiziqdi. Haydovchilar o‘z navbatida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm, Navoiy va Buxoro viloyatlarga qatnash oson bo‘lganini, yo‘l qisqarganini bildirishdi.

Ta'kidlash kerakki, avvallari suyultirilgan gaz Qashqadaryo viloyati G‘uzor va Muborak tumanida joylashgan zavodlardan tashib kelingan.

Suyultirilgan gaz quyish tarmog‘iga o‘rnatilgan sig‘imlar, avtomatik boshqaruv tizimi va elektr ta'minoti uskunalarining qurilish-montaj ishlari «O‘zbekneftgaz» AJning malakali mutaxassislari nazorati ostida bosh pudratchi «Muborakneftgazmontaj» AJ tomonidan amalga oshirildi.

Amalga oshirilgan ishlar natijasida kunlik gaz kondensati ishlab chiqarish hajmi 200 tonna va suyultirilgan gaz ishlab chiqarish 180 tonnaga yetkazildi. Bu ko‘rsatkich yil yakuni bilan 117 400 tonnaga va 73 300 tonna ishlab chiqarilishiga erishiladi.

Ishlab chiqarilgan suyultirilgan gaz «Hududgazta'minot» AJ orqali Buxoro, Navoiy, Xorazm va Qoraqalpog‘iston hududi iste'molchilariga yetkazib beriladi.

Eslatib o‘tamiz, «Gazli» gazni qayta ishlash zavodi Buxoro viloyati, Romiton tumani hududida joylashgan bo‘lib, 1980 yilda ishga tushirilgan. Suyultirilgan gaz quyish tarmog‘i Propan-butan aralashmasini olish qurilmasida ishlab chiqarilgan suyultirilgan gazni saqlash va iste'molchilarga tarqatishga mo‘ljallangan bo‘lib, 2 200 tonna mahsulot saqlash imkoniyatiga ega.

«O‘zbekneftgaz» AJ Matbuot xizmati

Top