22:35 / 23.04.2021
5880
Putin va Rahmon telefon orqali muloqotida o‘zaro hamkorlik va migratsiya masalalarini muhokama qildi

Tomonlar Tojikistonda ta'lim rus tilida olib boriladigan beshta maktab qurilishi, Rossiya oliy o‘quv yurtlaridagi tojikistonlik talabalarning kunduzgi o‘qishga qaytishi hamda mamlakatlar o‘rtasida muntazam aviaqatnovlar sonini oshirish mavzusida so‘z yuritdi.

Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon va Rossiya prezidenti Vladimir Putin telefon orqali muloqotida ikki mamlakat o‘rtasidagi tovar almashish hajmini oshirish va migratsiya sohasidagi vaziyatni muhokama qildi. Bu haqda Tojikiston prezidenti matbuot xizmati xabar berdi.

«Tomonlar o‘zaro savdo va Tojikistondan ekologik toza meva-sabzavotlar eksporti hajmini oshirish niyatini bildirdi», – deyiladi xabarda.

Bundan tashqari, tomonlar Tojikistonda ta'lim rus tilida olib boriladigan beshta maktab qurilishi, Rossiya oliy o‘quv yurtlaridagi tojikistonlik talabalarning kunduzgi o‘qishga qaytishi hamda mamlakatlar o‘rtasida muntazam aviaqatnovlar sonini oshirish mavzusida so‘z yuritdi.

Shuningdek, xabarda aytilishicha, Putin va Rahmon xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga ega masalalar bo‘yicha fikr almashgan.

Tojikiston hukumatining ma'lumot berishicha, 2020 yilda Rossiyaga 120 ming nafar tojikistonlik ishlash uchun ketgan.

Top