05:45 / 23.04.2021
10229
Shavkat Mirziyoyev internet xizmatlari hajmini kamida 2 baravarga oshirish bo‘yicha topshiriq berdi

O‘zbekistonda 2021 yilning 1 oktyabrigacha xalqaro va viloyatlararo magistral yo‘llar yoqasida namunaviy loyihalar asosida kamida 500 tadan savdo va xizmat ko‘rsatish obekti tashkil etiladi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida hududlarda xizmat ko‘rsatish sohasini rivojlantirish bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida ma'lum qilindi.

«Transport vaziri Ilhom Mahkamov viloyat hokimlari bilan birga ikki oy muddatda xavfsizlik talablariga to‘liq amal qilgan holda, joylardagi aeroport, temir yo‘l va avtovokzallar hududlarida savdo va xizmat ko‘rsatish obektlarini tashkil etish bo‘yicha tanlov o‘tkazib, loyihalarni boshlaydi.

Viloyat hokimlari mas'ul vazirliklar rahbarlari bilan birga 2021 yil 1 oktyabrga qadar xalqaro va viloyatlararo magistral yo‘llar yoqasida, namunaviy loyihalar asosida kamida 500 tadan savdo va xizmat ko‘rsatish obektini tashkil etishi va 50 mingta yangi ish o‘rni yaratishi shart.

Bosh vazir maslahatchisi Olimjon Umarov, axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Shuhrat Sodiqov axborot sohasida xususiy sektor ishtirokini yanada kengaytirish, narxlarni arzonlashtirish va sifatini oshirish hisobiga aloqa va internet xizmatlari hajmini kamida 2 baravarga (20 trillion so‘m) va dasturlashni esa 3 baravarga (2,5 trillion so‘m) oshirishni ta'minlasin», dedi davlat rahbari.

G‘aniyev, Xo‘jayev, Hamroyev viloyat hokimlari bilan birga ikki hafta muddatda har bir paxta va g‘alla klasterlarida eng muhim turdagi agroxizmatlar ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yishi, bunda, agrar sohada 17ta yo‘nalishdagi xizmatlardan qanchasini klasterlar tashkil etilishini belgilab, klasterlar kesimida taqsimlaydi va ijrosini shaxsan nazoratga olishi bo‘yicha topshiriq berilgan.

Top