21:49 / 24.04.2021
19836
Kitoblik yigitning pichoqlanishi va bir ko‘zidan ayrilishi bilan bog‘liq hodisa yuzasidan sud boshlandi

Dastlabki sud davrida yarashuv uchun taklif qilingan 10 mln so‘m aslida jabrlanuvchiga berilmagani, notarius qarz shartnomasi sifatida rasmiylashtirgan hujjatning mazmuni uni imzolagan taraflarga tushuntirilmagani ayon bo‘ldi.

Sud hujjatlariga ko‘ra, Dadaxon Hasanovga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 104-moddasi 2-qismi tegishli bandlari bilan ayblov e'lon qilingan va tergov davrida ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olingan.

Sud majlisi ochiq deb e'lon qilingach, ayblanuvchi Dadaxon Hasanov tinglandi. U voqea sodir bo‘lgan kunda Shahzod Usmonovning taklifi bilan birga spirtli ichimlik iste'mol qilishgani, keyin o‘rtalarida o‘zaro tortishuv chiqqani, jahl ustida mushti bilan yuziga urgan vaqtda ko‘zi qonab ketgani, qo‘rqqanidan ko‘chaga yugurgani, darvozagacha yetgan chog‘da ortidan Shahzod pichoq bilan yetib kelgani, pichoqni uning qo‘lidan tortib olmoqchi bo‘lganida ikki marta badanini tilib yuborganini aytdi.

Dadaxon Hasanovning otasi Jovli Hasanov guvoh tariqasida so‘roq qilindi. Uning ta'kidlashicha, voqeani ko‘zi bilan ko‘rmagan, jabrlanuvchilarga 10 mln so‘m pul berilganidan xabardor emas va qaynisinglisi (Xadicha Husinova, Shahzod Usmonovning onasi)ga 200 AQSh dollar bermoqchi bo‘lganida ular buni kam deb olishdan rad etishgan.

Ayblanuvchining onasi Zulayho Saidova singlisi uchun va'da qilgan 10 mln so‘mni bermaganini tan oldi. Shuningdek, go‘yoki 10 mln so‘m oldi-berdi qilingan, degan taassurot uyg‘otuvchi qarz shartnomasi uning tashabbusi emasligini, shartnoma nima haqida ekanini notarius tushuntirmaganini, ayni vaqtda uyini sotuvga qo‘yganini va sotilsa, jabrlanuvchini davolatishga ketadigan xarajatlarni qoplashga tayyor ekanligini bildirdi.

Shuningdek, sudda jabrlanuvchiga zarar o‘rnini qoplash maqsadida berilishi aytilayotgan yer uchastkasining hujjatlari yo‘qligi, ayblanuvchi yoki uning yaqinlariga mulk huquqi asosida tegishli emasligi ayon bo‘ldi.

Sud ishi 3 may sanasiga qadar tanaffus e'lon qildi.

Eslatib o‘tamiz, tanasining ikki yeridan pichoqlangan va bir ko‘zidan ayrilgan Shahzod Usmonov va ushbu jinoyatni sodir etgan ayblanuvchi IIB xodimlarining «tashabbusi» bilan sudda yarashtirib yuborilgan.

Yarashuv maqsadida zarar o‘rnini qoplash uchun taklif qilingan pul mablag‘lari jabrlanuvchilarga berilmagan. O‘z qarindoshlari tomonidan aldanishi va yolg‘iz farzandi bir umrga nogiron bo‘lib qolishiga sababchi bo‘lgan shaxs jazodan qutulib qolganidan norozi bo‘lgan Xadicha Husinova Kun.uz’ga murojaat qilgan edi.

Bu haqdagi tanqidiy materialdan so‘ng birinchi instansiya sudining hukmi jabrlanuvchilarning shikoyatiga asosan qayta ko‘rib chiqildi va qo‘shimcha tergov harakatlarini o‘tkazish uchun tergov organiga yuborildi.

Keyinchalik jinoyat ishining borishini Oliy Majlis Senati nazoratga oldi. Senatorlar Ichki ishlar vazirligidan mazkur holat bo‘yicha Kitob tumani IIB xodimlarining xatti-harakatlarini atroflicha tahlil qilib, qonuniy chora ko‘rilishi va tegishli axborot taqdim etishni so‘radi.

Ko‘p o‘tmay, jinoyat ishida gumondor bo‘lgan Dadaxon Hasanovga nisbatan Jinoyat kodeksining 104-moddasi 2-qismi «v» bandi (o‘ta shafqatsizlik bilan qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) bilan ayb e'lon qilinib, «qamoqqa olish» tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llandi.

Top