21:02 / 24.04.2021
10216
Lukashenko tashkilotchilar uni o‘ldirish uchun 11 mln dollar ajratishganini aytdi

Lukashenkoning so‘zlariga ko‘ra, fitnachilarda unga suiqasd qilishning bir nechta ssenariylari mavjud bo‘lib, ulardan biri Belarus prezidentini 9 may kuni o‘tkaziladigan parad chog‘ida o‘ldirish bo‘lgan.

Foto: president.gov.by

Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko mamlakatda davlat to‘ntarishi uyushtirish va unga suiqasd qilishga uringanlarning rejalari haqida ma'lum qildi. Bu haqda BelTA xabar bermoqda.

Lukashenkoning so‘zlariga ko‘ra, fitnachilarda unga suiqasd qilishning bir nechta ssenariylari mavjud bo‘lib, ulardan biri Belarus prezidentini 9 may kuni o‘tkaziladigan parad chog‘ida o‘ldirish bo‘lgan. Ammo buni amalga oshirish qiyin bo‘lgani uchun ular bu rejadan voz kechgan, dedi Lukashenko.

 Uning so‘zlariga ko‘ra, ikkinchi ssenariy prezident kortejiga hujum qilish bo‘lgan. Fitnachilar buning uchun go‘yoki mamlakat hududiga granatomyotlar olib kirgan. Ular bu rejani amalga oshirolmasdi, chunki kortejdagi avtomobillar katta tezlikda harakatlanadi va ularni nishonga olish ehtimoli juda kam, dedi Belarus rahbari.

Uchinchi ssenariy davlat rahbarining shahar tashqarisidagi qarorgohiga qurolli hujum uyushtirishni ko‘zda tutgan. Lukashenkoning aytishicha, uni va qarorgohini yo‘q qilish uchun «10 mln dollar, snayperga esa 1 mln dollar ajratilgan».

 «Moskvadagi operatsiya qo‘qqisdan o‘tkazildi deb o‘ylayapsizlarmi? Ularni kuzatayotgandik, ular Minskka kelishi va operatsiya o‘tkazishi kerak edi. Ularning har bir qadamini nazorat qilib turgandik», — dedi u. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, fitnachilar orasida maxsus xizmat xodimi ham bo‘lgan, u sotqin general rolini o‘ynagan.

«U bizning agentimiz edi. Yigitga rahmat, bizga katta yordam berdi, qo‘rqmadi. U orqali armiyani ko‘tarishni xohlashgan», — dedi Lukashenko.

Eslatib o‘tamiz, 18 aprel kuni Rossiya Federal xavfsizlik xizmati (FSB) va Belarus davlat xavfsizlik qo‘mitasi (KGB) Belarusda harbiy davlat to‘ntarishiga urinish va mamlakat prezidenti Aleksandr Lukashenkoning hayotiga suiqasdning oldi olingani haqida ma'lum qilgandi.

Top