17:43 / 24.04.2021
9463

Markaziy bank raisi o‘tgan yilgi valuta operatsiyalari bo‘yicha ma'lumot berdi

2020 yilda xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar tomonidan sotib olingan jami valuta hajmi 12 foizga oshib, 15,4 mlrd dollarni, sotilgan valuta hajmi esa 14 foizga oshib, 6,7 mlrd dollarni tashkil etdi.

Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmurodov Senat yalpi majlisida o‘tgan yilgi valuta operatsiyalari bo‘yicha ma'lumot berdi, deya xabar qilmoqda Kun.uz muxbiri.

«2020 yilda aholiga xizmat qiladigan valuta ayirboshlash shoxobchalarining umumiy soni 1 724 tadan 2 664 tagacha ko‘paytirildi hamda milliy valutani chet el valutasiga qulay ayirboshlash imkoniyati yaratildi.

Murakkab iqtisodiy sharoitlarga qaramasdan, 2020 yilda xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarning ichki valuta bozoridagi faolligining oshishi kuzatildi.

Jumladan, xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar tomonidan sotib olingan jami valuta hajmi 2019 yilga nisbatan 12 foizga oshib, 15,4 mlrd AQSh dollarini, sotilgan valuta hajmi esa 14 foizga oshib, 6,7 mlrd AQSh dollarini tashkil etdi.

Valuta bozorida ishtirok etgan xo‘jalik sub'yektlarining o‘rtacha soni 2019 yildagi 6 700 tadan 7 200 tagacha ko‘paydi.

Shuningdek, neytral xarakterdagi valuta intervensiyalari davom ettirilib, monetar oltin sotib olinishi hisobiga yuzaga kelgan qo‘shimcha likvidlilikning (5,2 mlrd AQSh dollari yoki 53 trln so‘m) to‘liq sterilizatsiya qilinishi milliy valuta almashuv kursining fundamental bozor omillari ta'sirida shakllanishiga sharoit yaratdi va 2020 yilda valuta kursining qadrsizlanishi 10,1 foiz doirasida bo‘ldi.

Ta'kidlash kerakki, 2020 yilda jahon bozorida oltin narxining sezilarli darajada oshishi xalqaro zaxiralarning 5,7 mlrd AQSh dollariga ko‘payishiga, oltin ishlab chiqaruvchilarning 21 trln so‘m qo‘shimcha daromad olishiga va o‘z navbatida budjet daromadlari hamda iqtisodiy faollikni qo‘llab-quvvatlashda muhim zamin bo‘ldi», – dedi Markaziy bank raisi.

Avvalroq, Markaziy bank fevraldagi valuta oldi-sotdisi bo‘yicha ma'lumot bergandi. Unga ko‘ra, ichki valuta bozoridagi operatsiyalarning umumiy hajmi 1,6 mlrd dollarni tashkil etib, yanvar oyiga nisbatan 4 foizga o‘sgan.

Mavzuga oid
Top