13:45 / 24.04.2021
2412
«Namunali uy»ning namunasizligi isbotlandi

  Qashqadaryo viloyati, Muborak tumanida yashovchi fuqaro B.R. «Qishloq qurilish invest» IK MChJga namunali loyiha asosida uy-joy qurib berish uchun buyurtma bergan. «U» nomli qurilish korxonasi esa o‘z ishiga mas'uliyat bilan yondashmasdan, B.R.ga yashash uchun yaroqsiz bo‘lgan uy-joyni topshirgan. Bu haqida Bosh prokuratura axborot xizmati xabar berdi. 

Bu holatdan norozi bo‘lgan fuqaro B.R.ning uyni namunali loyiha asosida qayta qurib berish haqidagi iltimoslari uzoq vaqt mobaynida qurilishni nazorat qiluvchi tashkilot va qurilish korxonasi tomonidan inobatga olinmagan. 

Fuqaro B.R.ning ushbu masalada fuqarolik sudiga bergan da'vo arizasi esa da'vo qilish muddati o‘tganligi asos qilinib, rad qilib kelingan. 

Oqibatda, mutaxassislar tomonidan yaroqsiz deb topilgan uyda fuqaro B.R. oilasi bilan yashashga majbur bo‘lgan. To‘lovlarni o‘z vaqtida to‘lab kelgan.

Fuqaro B.R.ning ushbu holatlardan norozi bo‘lib yozgan arizasi Bosh prokuratura tomonidan o‘rganilib, sud qarorlariga nisbatan protest keltirildi va Oliy sudning 9 aprel 2021 yildagi ajrimi bilan da'vo talablarining qanoatlantirilishi ta'minlandi.

Sud ajrimiga asosan, uy-joyni namunali loyiha asosida qayta qurib berishni ta'minlash majburiyati bevosita qurilishni nazorat qiluvchi tashkilot zimmasiga yuklatildi.

Top