10:26 / 24.04.2021
6656
Qariyb 18 yil ishlamagan masjidni qayta ta'mirlash uchun saxovatpeshalar yordami kerak

Sariosiyo tumanining Sharq yulduzi mahallasi, Qorasuv qishlog‘i aholisi mahalla masjidini hashar yo‘li bilan, paxsadan 1991 yilda qurishgan edi. O‘shanda Shayx Alovuddin Attor nomi bilan atalgan masjidda qorasuvliklar 2000-yillargacha namoz o‘qishgan.

Keyin esa bu masjid turli vajlar bilan yopib tashlanadi. Orada 18 yilcha odamlar masjidsiz qoladi. Imon-e'tiqodli odamlarning sa'y-harakati bilan masjid yana qayta ochildi va 2019 yilda Adliya vazirligidan imom Shahobiddin Sangardakiy nomi bilan jome masjidi sifatida rasmiy ro‘yxatdan o‘tdi.

Shodiqul Toshtemirovning hikoya qilishicha, qurilishi hashar yo‘li bilan amalga oshirilgan dargoh qariyb 20 yil qarovsiz qolgani uchun masjid binosi, qo‘shimcha imoratlar ta'mirtalab bo‘lib qolgan. Qorasuvliklar qo‘lidan kelgancha ushbu masjidni obodonlashtirishga o‘z hissalarini qo‘shib, xayr-ehson qilishmoqda.

To‘lqin Jalilovning aytishicha, masjid xonaqohida hozir bir vaqtning o‘zida 300 kishi namoz o‘qishi mumkin. To‘g‘ri, mahalla ahli xayriya va hashar yo‘li bilan masjidni ancha epaqaga keltirishgan.

Biroq, jome masjidiga aylantirilgach, juma kunlari mingga yaqin odam to‘planib, zamonaviy tahoratxonaga ham ehtiyoj paydo bo‘lgan. Shu kungacha masjid tahoratxonasida suv gaz plitasi ustida isitilib, oftobalarga quyib berib kelinmoqda.

Masjidda tahoratxona holati ko‘ngildagidek emasligidan, u jome etib qayta tiklangach, homiylar va hashar yordamida qo‘ldan kelgancha zamonaviy tahoratxona devori ko‘tarilib, tom qismi yopilgan. Ammo uni jihozlashda mahalliy aholining ham iqtisodiy imkoniyatlari cheklangan.

Biz muborak Ramazon oyida saxovatpesha hamyurtlarimizni ushbu masjidning tahoratxonasi qurilishiga, tahoratxonani kerakli bezak anjomlari, suv isitish va uzatish uskunalari bilan ta'minlashda o‘z hissalarini qo‘shishga chaqirib qolamiz.

Masjiddagi qurilish ishlariga mas'ul Obidjon Ismoilovning plastik raqamlari:

  • UzCard (Xalq banki): 8600 0609 5771 8597
  • Humo (Agrobank): 9860 0303 4724 4771

Sirojiddin Mamajonov tayyorladi.

Mavzu
Xayriya aksiyasi
KUN.UZ sayti yordamga muhtoj insonlarga ko‘mak berish niyati bilan qator xayriya aksiyalarini tashkil etib kelmoqda.
Barchasi
Top