18:04 / 24.04.2021
10374
Rossiya Qora dengizning uchta qismini xorij kemalari uchun yarim yilga yopdi

Ma'lumot berilishicha, ushbu davr mobaynida Rossiya qurolli kuchlarining harbiy mashg‘ulotlari o‘tkaziladi.

Foto: Global Look Press

Rossiya Qora dengizning uchta qismida xorij harbiy kemalari va boshqa kemalar harakatlanishini yarim yilga to‘xtatadi. Mamlakat mudofaa vazirligi navigatsiya va okeanografiya boshqarmasining byulleteniga ko‘ra, cheklov 24 aprel oqshomidan kuchga kiradi.

«Xorij harbiy kemalari va boshqa davlat kemalarining Rossiya Federatsiyasining dengiz hududi orqali o‘tishni amalga oshirish huquqi 24 aprel 21:00dan 31 oktyabr 21:00gacha to‘xtatiladi»,— deyiladi byulletenda.  

Bu davr davomida Qrim sohili bo‘ylab Sevastopol va Gurzuf o‘rtasidagi akvatoriyaning bir qismi, Kerch yarimoroli sohilidagi Opuk buruni hududidagi qism va yarimorolning g‘arbiy sohili yaqinidagi uchastka yopiq bo‘ladi. 

Ma'lumot berilishicha, ushbu davr mobaynida Rossiya qurolli kuchlarining harbiy mashg‘ulotlari o‘tkaziladi.

Avvalroq Rossiya 20 apreldan 24 aprelgacha Qrim va Qora dengiz hududining bir qismi ustidan parvoz qilish cheklanishini ma'lum qilgandi.

Top