12:10 / 24.04.2021
1300

Xorazmda degelmintizatsiya haftaligi o‘tkazildi

19-24 aprel kunlari butun O‘zbekiston hududida, jumladan Xorazm viloyatida ham degelmintizatsiya jarayonining 1-bosqichi o‘tkazildi.

Degelmintizatsiya — aholini gelmintlar (parazit chuvalchanglar) va invazion materiallardan (tuxumlar, qurtlardan) sog‘lomlantirish bo‘yicha amalga oshiriladigan davolash-profilaktika choralari majmuasidir.

Degelmintizatsiya haftaligi doirasida 2 yoshda 10 yoshgacha bo‘lgan bolalarga «Mebendazol» yumshoq tabletkalari tarqatildi. 

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) xabariga ko‘ra, yer yuzi aholisining 1/4 qismi gelmintozga chalingan. U parazitar kasallik bo‘lib, bolalarda parazitlik qiluvchi chuvalchanglar keltirib chiqaradi. Parazitlik qiluvchi qurtlar lichinkalari tuxum qo‘yadi va organizmdagi ozuqa mahsulotlari yordamida kun ko‘radi. Yer yuzida jami 250 turdan ortiq gelmintlar mavjud bo‘lib, ulardan 9tasi inson organizmida uchraydi. Hozirda O‘zbekistonda parazitlarning chuvalchangsimonlari ko‘p tarqalgan.

Xorazm viloyati sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi va jamoat salomatligi xizmati immunoprofilaktika bo‘limi mudiri G‘ayrat Qurbonov xabariga ko‘ra, viloyatdagi 3 mingdan ortiq bolalar laboratoriya usulida tekshirilganda, ularning 357 nafarida gijja kasalligi borligi aniqlangan. Bu 2 yoshdan 10 yoshgacha bo‘lgan bolalarning 12-14 foizida mana shu kasallik tarqalganini anglatadi.

Viloyatda 2 yoshdan 10 yoshgacha bo‘lgan bolalar soni jami 332 329 nafar bo‘lib, Sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi va jamoat salomatligi xizmati tomonidan ularni mebendazol tabletkalari bilan ta'minlash ko‘zda tutilgan. Buning uchun barcha tumanlar tibbiyot uchastkalari va oilaviy poliklinikalarga dori vositasi tarqatilgan.

Degelmintizatsiya jarayonining 2-bosqichi kuzda davom ettiriladi va 11 yoshdan 15 yoshgacha bo‘lgan bolalarni qamrab oladi.

Top