16:14 / 25.04.2021
108789
1-sinfga qabul yoshi o‘zgardi. Pedagog, psixolog va ota-onalar bunga nima deydi?

O‘zbekistonda yangi o‘quv yili uchun bolalarni 1-sinfga ro‘yxatga olish davom etyapti. Endi bola 7 yoshga to‘ladigan yildagina maktabga chiqa oladi. Bu esa ko‘plab ota-onalarda savollar uyg‘otmoqda.

Hozirgacha ota-onalar rivojlanish darajasiga qarab farzandini 6 yoki 7 yoshdan maktabga berib kelayotgandi. Kun.uz maktab yoshi bola uchun qanchalik muhimligi va O‘zbekistonda nima sababdan maktabga chiqish majburiy 7 yosh etib belgilanganini o‘rgandi.

O‘zbekistonda maktabga chiqish yoshida qanday o‘zgarish bo‘ldi?

2020 yilning 23 sentyabrida «Ta'lim to‘g‘risida»gi qonunga o‘zgartish kiritildi. Unga ko‘ra, 1-sinfga qabul 7 yosh etib belgilandi.

1997 yilning 29 avgustida qabul qilingan «Ta'lim to‘g‘risida»gi qonunda maktab yoshi 6-7 yosh deb belgilangandi.

Endi 2021/22 o‘quv yilidan bola 7 yoshga to‘ladigan yilda maktabga chiqishi majburiy bo‘ldi. Go‘yoki, qonundagi bu o‘zgarish shu paytga qadar ko‘p muhokamaga sabab bo‘lgan mavzuga chek qo‘yadigandek.

Dunyo davlatlarining aksarida bola 6 yoshdan maktabga chiqadi

Bolaning maktabga chiqish yoshi ko‘plab davlatlar ta'lim tizimida ham doimiy muhokamaga sabab bo‘ladi. Kecha bir tadqiqotchi 7 yoshda bola juda yaxshi o‘zlashtirishni boshlaydi degan bo‘lsa, bugun ikkinchisi bola qancha erta maktabga chiqsa, shuncha tez rivojlanadi, deydi. Ertaga boshqasi maktab yoshini har bir bolaning aqliy va ruhiy rivojlanishidan kelib chiqib belgilash kerak deydi.

Rozaliya Gabdulhakova

Bolalar psixologi Rozaliya Gabdulhakova bu boradagi xalqaro izlanishlar haqida ma'lumot berdi.

Uning aytishicha, Ford universiteti professorlari izlanishlariga ko‘ra, 5-6 va 10-11 yoshdan maktabga chiqqan bolalar ustida tadqiqot o‘tkazilganda, 7-11 yoshida maktabga borgan bolalarning natijasi yaxshiroq bo‘lgan.

Tomas Di va Hans Hendrik olib borgan izlanishlarda 5 yosh o‘rniga 6 yoshdan maktabga borgan bolalar 75 foiz yaxshiroq natija ko‘rsatgan.

Xo‘sh, O‘zbekiston bugun andoza olayotgan xorijiy davlatlar ta'limida maktab yoshi qanaqa?

Xitoy, AQSh, Fransiya, Italiya, Yaponiya, Filippin, Singapur, Turkiya, Polsha, Belarus, Braziliya, Avstraliya kabi davlatlarda maktab yoshi 6-7 yosh oralig‘i qilib belgilangan. Finlandiya va Kanadada bolalar 7, Rossiyada 7-8, Buyuk Britaniyada 5-6, Germaniyada esa 5-7 yoshda maktabga chiqadi.

Psixolog bu misollarni ma'qullab, xorij va O‘zbekistonda boshlang‘ich sinf o‘qitish tizimi ancha farq qilishini aytadi.

«Yevropa mamlakatlarida bolalar 5-6 yoshdan maktabga chiqishi mumkin. Italiyada farzandining maktabga chiqish yoshini ota-ona tanlaydi. Angliyada maktab 5 yoshdan, Amerikada 6 yoshdan boshlanadi. Lekin xorij maktablarida 1-sinf bog‘chaning bir ko‘rinishi hisoblanadi. Bu sinfda dars jarayonida o‘quvchidan o‘qish, yozish, qimirlamay o‘tirish talab qilinmaydi. Bunday maktablarda bolalarni ko‘proq boshqa bolalar bilan muloqot qilishi, ijtimoiylashuviga, o‘yinlarga e'tibor beriladi. Bolalarga vazifa ham berilmaydi», – dedi u.

Maktabga chiqish yoshidagi o‘zgarishga boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari xayrixohmi?

Feruza Abbosova

Toshkent shahridagi 224-maktabning boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi Feruza Abbosova bu haqda o‘z mulohazalarini bildirdi.

«34 yildan beri pedagogika sohasida ishlab kelaman. Ko‘p yillik ish tajribamdan shu xulosaga keldimki, bola 5-6 yoki 7 yoshdan maktabga chiqadimi, bu bolaning ijtimoiy va biologik muhitiga bog‘liq. Agar bola ona homiladorlik davrida biologik tomondan sog‘lom rivojlanib, ijtimoiy tomondan ham komil bo‘lib voyaga yetsa, necha yoshda maktabga chiqsa ham o‘zlashtirishi a'lo darajada bo‘ladi.

Albatta, 7 yoshdan maktabga chiqqan bolalarimiz ko‘p o‘quvchi o‘qiydigan sinflarda o‘qituvchilarga qulaylik beradi. Chunki bu yoshdagilar nisbatan diqqatini yaxshi yig‘a oladi», – deydi u.

Lobar Aliyeva

23 yildan beri boshlang‘ich sinf o‘quvchilariga dars berayotgan Lobar Aliyeva maktabga chiqish yoshini majburiy 7 yosh qilib belgilash o‘rniga, psixolog va ota-ona maslahatlashib, ixtiyoriy yosh belgilangani ma'qul deb hisoblaydi.

«Chunki 1-sinfga 6 yoshdan chiqqan o‘quvchilarim orasida fanlarni o‘zlashtirib ketgan o‘quvchilar ham bor. To‘g‘ri, yoshroq bolalarning bolaligi, o‘yinga to‘ymasligi bo‘ladi. Lekin ularning yoshi o‘zlashtirish darajasiga hech ham ta'sir qilmaydi, deb o‘ylayman. Hozir juda yaxshi oliygohlarda o‘qiydigan o‘quvchilarim orasida 6 yoshdan maktabga chiqqanlar ko‘p», – deydi u.

Bolani erta yoshdan maktabga berayotgan ota-ona nimaga shoshayotganini aniqlab olishi kerak

Bolalar psixologi Rozaliya Gabdulhakovaning fikricha, kichik yoshdagi bolalarning giperaktivligi baland bo‘ladi. Ular xayoli bo‘linib, darsga quloq solmasligi mumkin. Yoki harakat qilishni xohlagani uchun dars paytida ko‘proq shovqin soladi. Aynan shu nuqtayi nazardan ham bolaning yoshi u bilimni o‘rganishi uchun ahamiyatli.

Psixolog bolani 1 yil hayotda ko‘proq narsaga ulgurib qolishi, aslida ularga qandaydir qo‘shimcha imkoniyat bermasligi mumkinligi haqida ham to‘xtaldi.

«Maktabga shoshilishning yomon tomonlaridan biri – bola ruhan tayyor bo‘lmasa, maktab mas'uliyatini uni bitirguncha ham o‘z bo‘yniga ololmasligi mumkin. Natijada ota-ona unga keyingi hayotida ham nima qilishini ko‘rsatib borishiga to‘g‘ri keladi. Masalan, qaysi kasb tanlashi, qachon qayerda o‘qishi, kim bilan oila qurishini ham aytishiga to‘g‘ri kelishi mumkin.

Birinchi sinfda uning muammosini kimdir hal qilib berganini ko‘rgan bolada bu odat doimiy saqlanib qoladi», – dedi u.

Psixolog erta yoshdan farzandini maktabga bermoqchi bo‘layotgan ota-onalarga o‘z tavsiyalarini berdi. Uning aytishicha, birinchi navbatda ota-onalar bolani vaqtli maktabga berib, nimaga shoshilayotganini tushunib olishi, maktab mas'uliyatini bolaning bo‘yniga qo‘ya olishiga ishonchi komil bo‘lishi kerak.

Ko‘pincha bolani erta maktabga berib, uning yaxshi baho olishi uchun hatto topshiriqlarni ota-ona o‘zi chap qo‘lda bajarib beradi.

Ota-onalar farzandining maktabga chiqish yoshi masalasida 2 qutbga bo‘lingan

So‘rovnoma o‘tkazganimizda, ota-onalarning ayrimlari 7 yoshni ma'qullashgan bo‘lsa, boshqalari ertaroq yoshda farzandini maktabga berishni afzal ko‘rishini ma'lum qildi.

Lola Musayeva

Maktabgacha ta'lim tashkiloti tarbiyachisi Lola Musayeva esa quyidagicha fikr bildirdi.

«Bola uchun maktab yoshini 6 yoki 7 deb belgilash ota-ona va tarbiyachining o‘rtasidagi muammo deb bilaman. Chunki bolaning bilim darajasi darslarni o‘zlashtirishga yetarli bo‘lsa, 6 yoshdan bola bemalol maktabga chiqishi mumkin. Bu faqat o‘qituvchining ishimas, bunda ota-ona ham faol bo‘lishi kerak. Bir tomondan ota-ona, ikkinchi tomondan o‘qituvchi baravar ish olib borsa, bolaning 6 yoki 7 yoshdan maktabga chiqishida farq bo‘lmaydi», – deydi u.

Xalq ta'limi vazirligi qonundagi o‘zgarishga aloqasi yo‘qligini bildirdi

Kun.uz qonundagi maktab yoshi bilan bog‘liq o‘zgarishga izoh olish maqsadida Xalq ta'limi vazirligi bilan bog‘landi. Vazirlik qonundagi bu o‘zgarishga Xalq ta'limi vazirligining aloqasi yo‘qligi, vazirlik ijrochi tashkilot ekanini ma'lum qildi.

Kuzatuvlarimizga ko‘ra, qonundagi o‘zgarish farzandi ertaroq maktabga chiqishini xohlayotgan ota-onalarni, o‘zlashtirishi juda yaxshi bo‘lgan qobiliyatli o‘quvchilar imkoniyatlari cheklanishiga sabab bo‘lyapti.

Dunyoning aksar rivojlangan davlatlarida ham maktabga chiqish yoshi 6-7 yosh shaklida ixtiyoriy belgilangan. Italiyada maktab yoshini ota-ona tanlashga haqli.

O‘zbekistonda yillar davomida maktabga chiqadigan bola yoshi psixolog xulosasi va ota-ona xohishiga ko‘ra belgilanib kelayotgan edi. Bu masala muammo sifatida jamoatchilik muhokamasiga deyarli ko‘tarilmaganidan ham bilish mumkinki, ota-onalar va o‘qituvchilarning aksari bu tartibga qarshi emasdi.

Zuhra Abduhalimova,
Kun.uz muxbiri
Tasvirchi va montaj ustasi – Otaxon Yusupov.

Top