12:42 / 25.04.2021
4228
«Fin do‘stlarimizni quruq gap bilan qoldirmasligimiz kerak» - Finlandiyaning O‘zbekistondagi faxriy konsuli bilan suhbat

O‘zbekiston prezidenti tomonidan mamlakatda ta'lim-tarbiya tizimini rivojlantirishda ilg‘or xorijiy tajribalarni, xususan, Finlandiya ta'lim tizimini o‘rganish va joriy etish bo‘yicha qator vazifalar belgilab berilgan edi.

Ushbu vazifalar ijrosini ta'minlash maqsadida Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi, Tashqi ishlar vazirligi, Finlandiyaning O‘zbekistondagi faxriy konsulligi va bir qator tashkilotlar bilan hamkorlikda Finlandiyadagi yetakchi ekspertlar, olimlar va investorlar bilan muzokaralar olib borildi hamda bir qator loyihalar boshlab yuborildi.

Mazkur yo‘nalishdagi ishlarning uzviy davomi sifatida joriy yilning 8-14 aprel kunlari Finlandiyaning ta'lim sohasi bo‘yicha O‘zbekiston bilan hamkorlik loyihalarini yo‘lga qo‘ygan bir qator kompaniya rahbarlari va vakillaridan iborat delegatsiya amaliy tashrif bilan O‘zbekistonda bo‘ldi.

Delegatsiyaga Finlandiyaning O‘zbekistondagi faxriy konsuli Alisher Jo‘rayev hamrohlik qildi. Kun.uz muxbiri fursatdan foydalanib, Alisher Jo‘rayevni suhbatga tortdi va bir necha savollarga javob oldi.

— Alisher aka, siz Finlandiya davlatining O‘zbekistondagi konsuli ekansiz. Ilk bor eshitgan odamda «bir davlatning fuqarosi boshqa davlat nomidan o‘z davlatiga diplomatik xizmat ko‘rsatishi mumkinmi?» degan savol tug‘iladi...

— Bu savol ko‘pchilikni qiziqtiradi. Turli uchrashuvlar, tadbirlarda qatnashganimizda «qanday qilib bir davlat fuqarosi ikkinchi bir davlatning diplomatik vakili bo‘lishi mumkin» degan savolni ko‘p berishadi. Bilsangiz, konsullik idoralari bo‘yicha «Vena konvensiyasi» mavjud. Shu konvensiyada faxriy konsul va konsulliklar haqida boblar mavjud. Unga ko‘ra, bir davlatning ikkinchi davlatda diplomatik vakolatxonasi bo‘lmasa, elchixona va konsullik xizmatlari mavjud bo‘lmasa, «Vena konvensiyasi»ga asosan davlatlar o‘rtasidagi kelishuvga binoan faxriy konsullik ochilib, konsul tayinlanishi mumkin hamda bu davlat rahbarlari darajasida tasdiqlanishi shart.

Finlandiyaning O‘zbekistondagi faxriy konsulligi 2019 yilning aprel oyida tashkil qilingan va Finlandiya tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari shaxsan kelib ochilish marosimida qatnashgan. O‘shanda biz O‘zbekiston-Finlandiya katta biznes forumini tashkil etganmiz va amaliy ijobiy natijalarga erishganmiz. Bunday faxriy konsulliklar an'anaviy diplomatik vakolatxonalar kabi ikki davlat o‘rtasida iqtisodiy, moliyaviy va ijtimoiy sohalardagi hamkorlikni kuchaytirishga yordam beradi.

— Finlandiya bizda elchixona ochish ehtimoli qanday?

— Bu savolga javob berish qiyin. Zero, buning uchun davlat miqyosidagi qaror qabul qilinishi kerak va buni hech bir davlat oldindan aytmaydi. Buning uchun bir necha omillar rol o‘ynaydi: iqtisodiy va siyosiy hamkorlik, uzoq muddatga ko‘zlangan maqsadlar va hokazo. Yuqorida zikr qilingan sohalarda muayyan darajaga yetgach rasmiy idora tashkil qilinishiga ehtiyoj paydo bo‘ladi. Garchi an'anaviy diplomatik vakolatxonasi bo‘lmasa-da, tashqi ishlar vazirliklari tarkibidagi bo‘limlar mutaxassislari yordamida ishlar samarali amalga oshirib kelinmoqda.

— Endigi rejalar qanday?

Rejalar ulkan. Ishni endi boshladik. Forumda berilgan katta va'dalarni amalga oshirish uchun qattiq mehnat qilishimiz kerak. Fin hamkasblarimiz, do‘stlarimizni quruq gap bilan qoldiradigan bo‘lsak, bu eng katta yo‘qotish bo‘ladi, chunki ular boshqa ishonishmaydi. Buning uchun shu ishni qanday hamjihatlikda boshlagan bo‘lsak, shunday davom etishimiz kerak. Bu bizga o‘ziga xos reklama ham bo‘ladi. Eng asosiysi, biz quruq gap qilmasdan, har bir imkoniyatni boy bermasdan amaliy yo‘lga qo‘yishga urinsak faqat yutamiz.

Top