03:23 / 25.04.2021
16501
Legionerlar: Shomurodov nihoyat gol urdi, Masharipovda dabl-assist
Foto: Twitter/GenoaCFC

O‘tgan bir kun O‘zbekiston milliy jamoasining ikki asosiy yulduzi – Eldor Shomurodov va Jaloliddin Masharipov uchun omadli keldi.

Italiyaning «Jyenoa» klubida harakat qilayotgan Shomurodov nihoyat 9 ta o‘yindan iborat golsiz seriyasini yakunlab, A Seriyadagi 4-golini urdi. «Spetsiya»ga qarshi o‘yinning 63-daqiqasida Mattia Destro o‘rniga maydonga tushgan Shomurodov 86-daqiqada raqib himoyachisini tezlikda ortda qoldirib, chiroyli gol urdi. Bu o‘yinda «Jyenoa» 2:0 hisobida g‘alaba qozondi. Shomurodov A Seriyada 26-o‘yinda maydonga tushib, 4-golini urdi. Futbolchi o‘yindan keyin italyan tilida intervyu berib, urgan golini o‘g‘liga bag‘ishlashini aytdi.

Qizig‘i, Shomurodov gol urgan o‘yinlarda «Jyenoa» ilk marta g‘alaba qozondi. Bungacha o‘zbekistonlik futbolchi «Parma», «Sassuolo» va «Verona»ga qarshi o‘yinlarda gol urgan va bu bahslarda «Jyenoa» yoki mag‘lub bo‘lgan yoki durang o‘ynagandi. Ma'lumot uchun, Shomurodov Yevropa top-5 chempionatlarida gol urgan yagona o‘zbekistonlik futbolchi hisoblanadi.

25 aprelga o‘tar kechasi yana bir o‘zbekistonlik futbolchi uchun omadli keldi. BAAning «Shabob Al Ahli» klubida to‘p tepuvchi Jaloliddin Masharipov OChL 4-turidan o‘rin olgan O‘zbekistonning OKMK jamoasiga qarshi o‘yinda ikkita golga assistentlik qildi va jamoasining 3:1 hisobidagi g‘alabasiga hissa qo‘shdi. Shu tariqa yangi jamoasi safida OChLda ikkinchi o‘yinda maydonga tushgan Masharipov ikkita golli harakatni amalga oshirishga ulgurdi.

Oldinroq Masharipov BAA kubogini qo‘lga kiritgan va finalda hal qiluvchi golni Panenka uslubida urib, uchrashuvning eng yaxshi futbolchisi bo‘lgandi.

Top