16:24 / 26.04.2021
8032
“Diplomatik urush”: Rossiya Italiya diplomatini, Ruminiya Rossiya diplomatini chiqarib yubormoqda

Ruminiya hukumati Rossiyaning Buxarestdagi elchixonasi harbiy attashesi maslahatchisi Aleksey Grishayevni persona non grata deb e'lon qilgan.

Foto: Reuters

Rossiya Italiya elchixonasining mudofaa va harbiy-dengiz masalalari bo‘yicha harbiy attashesi yordamchisini persona non grata deb e'lon qildi. U mamlakatni 24 soat ichida tark etishi lozim. Bu haqda Rossiya tashqi ishlar vazirligi ma'lum qildi.

Ta'kidlanishicha, «Italiya hukumatining Rimdagi Rossiya elchixonasi harbiy atteshesining nodo‘stona va asossiz harakatlariga nisbatan» javob sifatida ushbu chora qabul qilingan.

Shu bilan birga, Ruminiya hukumati Rossiyaning Buxarestdagi elchixonasi harbiy attashesi maslahatchisi Aleksey Grishayevni persona non grata deb e'lon qilgan. Bu haqda Interfaks xabar bermoqda.  

Xabarda aytilishicha, Grishayev "1961 yilda qabul qilingan diplomatik aloqalar to‘g‘risidagi Vena konvensiyasiga zid harakatlar va faoliyatni amalga oshirgan".

 17 aprelda Chexiya hukumati Rossiyaning 18 nafar diplomatini chiqarib yuborishga qaror qilgandi. Moskva bunga javob sifatida Chexiya elchixonasining 20 nafar xodimini persona non grata deb e'lon qildi.

Keyinroq Boltiq mamlakatlari va Slovakiya Praga bilan hamjihatlik ramzi sifatida Rossiya elchixonasi xodimlarini chiqarib yuborishini bildirdi.

15 aprel kuni AQSh Rossiyaning 10 nafar diplomatini mamlakatdan chiqarib yuborishini ma'lum qilgandi. AQSh ortidan Polsha uch nafar rossiyalik diplomatni persona non grata deb e'lon qildi.

Top