21:43 / 26.04.2021
7939
Firibgarlar dunyoning eng boy ayoli nomidan foydalanib harakat qilishdi

Bir guruh firibgarlar odamlardan pul o‘g‘irlash maqsadida Amazon rahbari va dunyoning eng boy odami Jyeff Bezosning sobiq rafiqasi – Makkenzi Skott nomidan foydalandi.

Foto: REUTERS / Jyeff Bezos va Makkenzi Skott

Newser nashrining xabar berishicha, firibgarlar o‘zlarini Makkenzi Skottning xayriya jamg‘armasi xodimlari sifatida tanishtirib, aldov yo‘li bilan o‘z qurbonlarini ularga pul o‘tkazishga majbur qilishgan. Ular muhtoj oilalarga yordam taklif qilib, buning uchun «maxsus shakldagi hujjat»ni to‘ldirishni va onlayn-hisobraqam ochishni so‘rashgan.

Jabrlanuvchilardan biri, 5 farzand onasi Daniel Cherchillning ta'kidlashicha, u 2020 yil oxirida Skott nomidan elektron maktub olgan. Unda Makkenzi Skott o‘z boyligining yarmini xayriya qilmoqchiligi ma'lum qilingan. Pulni olish uchun esa MacKenzie Scott Foundation tashkilotining maxsus shakldagi blankasini to‘ldirish va go‘yoki 250 ming dollar pul o‘tkazilgan Investors Bank and Trust kompaniyasida onlayn-hisobraqam ochish kerakligi aytilgan. Keyinroq esa avstraliyalik ayolga pulni olish uchun soliq raqami olishga ariza topshirish va bu bilan bog‘liq ba'zi to‘lovlarni amalga oshirishi kerakligi ma'lum qilingan.

Firibgarlar ijtimoiy tarmoqlardagi va WhatsApp’dagi soxta sahifalar va akkauntdan, pulni olish uchun kriptovalutaga mo‘ljallangan dasturdan foydalanishgan. Ta'kidlanishicha, ayol umumiy hisobda firibgarlarga 8 ming dollar o‘tkazib bergan.

Keyinroq bunday nomdagi jamg‘arma va kompaniya yo‘qligi, firibgarlar ijtimoiy tarmoqlardagi soxta sahifalardan foydalanishgani aniqlangan. Ma'lum qilinishicha, ular kamida 190 mingga yaqin odamga shunday elektron maktublar yo‘llashgan.

Cherchill aldovga uchraganini tushunib, qolgan foydalanuvchilarni ushbu firibgarlik sxemasidan ogoh qilmoqchi bo‘lgan. U Skott nomiga ochilgan Instagram’dagi feyk akkauntlarni topib, u yerda ogohlantiruvchi izohlar qoldirgan. Uning fikricha, ushbu firibgarlikka qarshi samaraliroq kurashish uchun Makkenzi Skottning o‘zi ham bel bog‘lashi lozim.

Makkenzi Skott dunyoning eng boy ayollari uchligiga kiradi. U 2019 yilda Jyeff Bezos bilan ajrashgach, Amazon kompaniyasining eriga tegishli aksiyalari 25 foizini olgan. Hozirda uning boyligi 53 mlrd dollarga baholanadi.

Top