23:59 / 26.04.2021
5159
Ispaniyalik yuqori mansabdor shaxslarga o‘qlar va pichoqlar solingan konvertlar jo‘natildi

Ispaniya sanoat, savdo va turizm vaziri Reyyes Maroto ichida qonga bo‘yalgan pichoq bor bo‘lgan jo‘natma oldi. Avvalroq ispaniyalik bir qator boshqa mansabdor shaxslar ichiga o‘q solingan konvertlar olishgan.

Foto: RTVE

Radio y Televisión Española (RTVE) davlat teleradiokompaniyasining xabar berishicha, Maroto olgan konvertda pichoqdan tashqari bir nechta qog‘oz, jumladan, qo‘lda yozilgan matnlar bo‘lgan. Hozircha ularda nima yozilgani ma'lum qilinmagan. «Tahdid va zo‘ravonlik demokratiya ovozini hech qachon o‘chira olmaydi. Ozodlik tantana qiladi», deb izoh bergan Maroto tvitterda.

 Ispaniya ichki ishlar vazirligi jinoyatchilarning shaxsini va motivlarini aniqlash maqsadida tergov boshlagan. Konvert ichidagilar tahlil uchun olingan.

 Avvalroq shunday tahdid bildirilgan maktublarni Ispaniya ichki ishlar vaziri Fernando Grande-Marlaska, fuqarolik gvardiyasi rahbari Mariya Games va so‘l partiya «Podemos» yetakchisi Pablo Iglesias ham olgan. Ular pochta orqali o‘qlar va egallab turgan lavozimlarini zudlik bilan tark etish talab qilingan tahdid xati solingan konvertlar olishgan. Xatlarda amaldorlar va ularning yaqinlari hayotlariga tahdidlar bildirilgan.

 Iglesias tvitterdagi xabariga konvert ichidagi narsalar suratini ilova qilgan. Ular orasida quyidagi so‘zlar yozilgan maktub ham bo‘lgan: «Siz bizning ota-onalarimiz, bobo-buvilarimizning o‘lishiga yo‘l qo‘ydingiz. Endi rafiqangiz, ota-onangiz va siz o‘lim jazosiga mahkumsiz. Vaqt tugab bormoqda».

 ABC News’ning xabar berishicha, Iglesias va uning tarafdorlari bunda o‘ng partiya «Ovoz»ni ayblashmoqda. Ikki partiya o‘rtasida migratsiya va Kataloniya muxtoriyatining mustaqilligini tan olish borasida ziddiyatlar mavjud. «Ovoz» yetakchilari barcha ayblovlarni rad etishmoqda va jo‘natmalar bilan bog‘liq voqea sahnalashtirilgan deb atashmoqda.

Top