00:16 / 26.04.2021
12131

“Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida”gi Qonun yangi tahrirda qabul qilindi. Norma ijodkorligi sohasida qanday o‘zgarishlar bor?

2021 yil 20 aprel kuni prezident Shavkat Mirziyoyev “Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida”gi Qonunning yangi tahririni imzoladi. Shu bilan O‘zbekistonda 2012 yil 24 dekabrdan beri amalda bo‘lib kelgan “Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida”gi 342-sonli Qonun o‘z kuchini yo‘qotib, endilikda normativ-huquqiy hujjatlar (NHH) ijodkorligi sohasidagi qonun hujjatlarining “onasi” yangi tahrirda qabul qilindi.

Ushbu Qonunda 2012 yilda qabul qilingan tahririga nisbatan bir qator muhim yangiliklarni uchratish mumkin. Unda qonunchilikni raqamlashtirish, tartibga solish ta’sirini baholash, jamoatchilik muhokamasi instituti va boshqa ko‘plab yangiliklar o‘z aksini topgan.

Quyida qonunning ikki tahririni bir-biriga solishtirish orqali yangi qonundagi yangi jihatlarni ko‘rib o‘tamiz.

Prinsiplar, yangi ta’rif va tushunchalar, chek qo‘yilgan chalkashliklar

Qonunning avvalgi tahriri 7 bob, 44 moddadan iborat bo‘lsa, yangisi yangi normalar bilan to‘ldirilgani hisobiga 8 bob, 60 moddadan iborat ko‘rinishga keltirilgan.

Yangi Qonunda NHH tushunchasining ta’rifi va NHH turlarida o‘zgarishlar bo‘lmagan. Biroq, yangi Qonunda avvalgisidan farqli tarzda ushbu Qonunning prinsiplari keltirilgan. Ular quyidagilar:

  • konstitutsiyaviylik;
  • qonuniylik;
  • jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari hamda qonuniy manfaatlarini, jamiyat va davlat manfaatlarini himoya qilish hamda ularning ustuvorligi;
  • oshkoralik;
  • ilmiylik;
  • ijtimoiy munosabatlarni huquqiy jihatdan tartibga solishning tizimliligi va kompleksliligi;
  • ijtimoiy munosabatlarni huquqiy jihatdan tartibga solishning barqarorligi.

Qonunning 4-moddasida fuqarolar referendum yo‘li bilan NHH qabul qilishi mumkinligi ko‘rsatildi. Biroq buni fuqarolarga yangicha huquq berildi, deb tushunmaslik lozim. Zero, fuqarolarning referendum yo‘li bilan NHH qabul qilishda qatnashish huquqi «O‘zbekiston Respublikasining referendumi to‘g‘risida»gi Qonunda nazarda tutilgandi, endilikda ushbu Qonunda ham nazarda tutilmoqda.

Qonunning avvalgi tahriridagi “qonun hujjatlari” tushunchasi ko‘plab anglashilmovchiliklarni keltirib chiqargani tufayli “qonunchilik hujjatlari” tushunchasiga almashtirildi. Ya’ni, “NHHlar qonun hujjatlaridir va ular O‘zbekiston Respublikasining qonun hujjatlari majmuini tashkil qiladi” degan norma “NHHlar qonunchilik hujjatlari bo‘lib, ular O‘zbekiston Respublikasining qonunchiligini tashkil etadi”. Ko‘rinib turibdiki, bu orqali qonunchilik tushunchasiga ham aniqlik kiritilmoqda va u NHHlar majmuini bildirishi ta’kidlanmoqda.

Yangi qonunda yana bir chalkashlikka chek qo‘yilgan. Ya’ni, avvalgi tahrirda:

O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi;

O‘zbekiston Respublikasining qonunlari;

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlari qonunlar deb atalgan. Bu esa yuqoridagi 3ta turdagi NHHni eng muhim va barqaror ijtimoiy munosabatlarni tartibga soladigan hamda Oliy Majlis tomonidan yoki referendum o‘tkazish yo‘li bilan qabul qilinadigan NHHni bildiruvchi qonun tushunchasi bilan chalkashtirishlarga sababchi bo‘ldi.

Yangi qonunda ushbu xatolik bartaraf etilib, yuqoridagi 3ta turdagi NHH qonunlar emas, qonun hujjatlari deb ta’riflandi.

Yangi Qonunda kodeks tushunchasiga ta’rif berilgan. Unga ko‘ra, kodeks – huquqiy prinsiplar va normalarni mustahkamlovchi, birlashtiruvchi, tizimlashtiruvchi, shuningdek ijtimoiy munosabatlar eng muhim sohasining huquqiy jihatdan kompleks tartibga solinishini ta’minlovchi qonunni anglatadi.

Qonunni zabt etgan “yo‘l xaritasi”

Qonunda NHHlarning tarkibiy qismi sifatida ular bilan tasdiqlanadigan yo‘l xaritasi, nizom, qoidalar, yo‘riqnoma va boshqalarga ham qonun doirasida ta’rif berildi.

Jumladan:

nizom – davlat organlari va tashkilotlarning, ular tarkibiy bo‘linmalarining maqomini, asosiy vazifalarini, funksiyalarini, huquq va majburiyatlarini, faoliyatini tashkil etish tartibini, shuningdek u yoki bu sohadagi ijtimoiy munosabatlarni tartibga solish tartibini;

qoidalar – biror-bir faoliyatni amalga oshirishga doir talablarni;

yo‘riqnoma – NHHlarni qo‘llashning aniqlashtiruvchi jihatlarini;

ryeglament – davlat organlari va tashkilotlarning ish tartibini, shuningdek davlat organlari va tashkilotlar tomonidan ma’muriy tartib-taomillarni amalga oshirish tartibini;

strategiya – mamlakat yoki muhim sohalarni o‘rta va uzoq muddatli istiqbolda rivojlantirishning eng asosiy yo‘nalishlarini;

konsepsiya – u yoki bu sohadagi davlat siyosatining eng muhim ustuvorliklarini, maqsadlarini, asosiy yo‘nalishlarini, vazifalarini va amalga oshirilish mexanizmlarini;

doktrina – O‘zbekiston Respublikasining u yoki bu sohadagi milliy manfaatlarini ta’minlash maqsadlari, vazifalari, prinsiplari va asosiy yo‘nalishlarini;

dasturyo‘l xaritasi») – u yoki bu sohadagi davlat siyosatining maqsadlariga erishilishini ta’minlaydigan tadbirlar (vazifalar, amalga oshirish muddatlari, moliyalashtirish manbalari va mas’ul ijrochilar bo‘yicha o‘zaro bog‘liq bo‘lgan tadbirlar) va mexanizmlar tizimini belgilovchi tarkibiy qismlar sifatida ta’riflandi.

Qoidalari qonunda aks ettirilgan qonunosti hujjatlari o‘z kuchini yo‘qotgan deb topilishi lozimligi belgilandi. Bu talab qonunchilikda normalarning takroriyligini bartaraf etish maqsadida kiritilgan, deyish mumkin.

Qonunchilikda qadr topayotgan o‘zbek tili

NHHlarni davlat tilida qabul qilish talabining qo‘yilayotgani ham yangi qonunning eng muhim yutuqlaridan biridir. Shuningdek, davlat tilidagi NHH matni bilan uning boshqa tildagi matni o‘rtasida tafovut bo‘lgan taqdirda, NHHning davlat tilidagi matni qo‘llanilishi qoidasining o‘rnatilayotgani ham quvonarli jihatlardan biri. Qanchalik hayratlanarli bo‘lmasin, ushbu qoidalar avvalgi qonunda mavjud emas edi.

NHH loyihasini jamoatchilikka e’lon qilish talabi qonun doirasida belgilanmoqda

Yangi Qonundagi eng muhim yangiliklardan yana biri NHHlar loyihalarining jamoatchilik muhokamasi tartibining belgilanayotgani hisoblanadi. Endilikda NHH loyihasini ishlab chiquvchi tomonidan uni qabul qiluvchi organga kiritishdan oldin loyiha NHHlar loyihalari muhokamasi portalida (regulation.gov.uz) jamoatchilik muhokamasini o‘tkazish uchun joylashtirishi nazarda tutildi.

Loyihani portalda muhokama qilish davomiyligi loyiha joylashtirilgan kundan e’tiboran 15 kundan kam bo‘lmasligi belgilandi.

Shuningdek, loyiha bo‘yicha jamoatchilik muhokamasi ishtirokchilaridan tushgan fikr-mulohazalarni va takliflarni hisobga olish, ular rad etilgan taqdirda, ishlab chiquvchi ularni rad etish sababini asoslashi shartligi belgilandi.

Aytish joizki, NHHlarni jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazmasdan qabul qilish orqali turli shaxslarning manfaatlariga xizmat qiluvchi qoidalar belgilanib ketgan holatlar oz emas. Ko‘ramiz, ushbu talabga qanchalik rioya etiladi.

Huquqiy eksperiment, korrupsiyaga qarshi ekspertiza

Yangi qonunga kiritilgan tushunchalardan biri – huquqiy eksperimentdir. NHH qabul qilish huquqiga ega bo‘lgan organ tomonidan NHH samaradorligini, uning vaqtincha amal qilishini muayyan hududda va (yoki) shaxslar doirasi bo‘yicha cheklagan holda o‘rganish huquqiy eksperiment hisoblanadi. Huquqiy eksperiment natijalariga ko‘ra, NHHni vaqt, muayyan hudud va (yoki) shaxslar doirasi bo‘yicha cheklanmagan holda qabul qilish masalasi hal qilinadi: yoki keng miqyosda qabul qilinadi yoki o‘z kuchini yo‘qotgan deb topiladi. Qayd etish lozimki, ushbu tartib amaliyotda mavjud bo‘lsa-da, mazkur qonunga kiritilmagandi.

NHH loyihalarining Adliya vazirligi va uning hududiy bo‘linmalari tomonidan NHH loyihalarini huquqiy ekspertizadan o‘tkazish muddati hamda idoraviy NHHni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish muddatlari qonunda aniq belgilab berildi. Unga ko‘ra, Vazirlik tomonidan qonun va qonunosti hujjatlarining huquqiy ekspertizasi 10 kun muddatda, idoraviy NHHni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish 30 kunlik muddatda amalga oshirilishi belgilandi.

Shuningdek, Adliya vazirligining hududiy bo‘linmalari tomonidan:

xalq deputatlari viloyat, tuman, (shahar) Kengashi qarorlari loyihalarining huquqiy ekspertizasi - 2 ish kuni ichida;

viloyat, tuman, (shahar) hokimi qarorlari loyihalarining huquqiy ekspertizasi - 5 ish kuni ichida o‘tkazilishi belgilandi.

Bundan tashqari, NHH va ular loyihalarining korrupsiyaga qarshi ekspertizasi uchun alohida modda ajratildi. Shunga ko‘ra, NHH loyihalarining korrupsiyaga qarshi ekspertizasi esa ular qabul qilinishining korrupsiya holatlari uchun imkoniyat yaratuvchi oqibatlarini umumiy baholash, normativ-huquqiy hujjatlarni qo‘llash jarayonida korrupsiya xususiyatiga ega xavflarning yuzaga kelishi ehtimolini prognoz qilish maqsadida o‘tkazilishi nazarda tutildi.

Tartibga solish ta’sirini baholash “ko‘prigi”

Yangi Qonun bilan tadbirkorlik faoliyatiga, fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga hamda atrof-muhitga ta’sir ko‘rsatuvchi NHHlar va ularning loyihalari tartibga solish ta’sirini baholashdan o‘tkazilishi belgilandi.

Qonunda tartibga solish ta’sirini baholash tushunchasiga ham ta’rif berilib, u NHH loyihasining qabul qilinishi natijasida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan ehtimoliy oqibatlarni va uning tartibga solish maqsadlariga erishilishini, shuningdek amaldagi NHHning ushbu NHH bilan tartibga soluvchi munosabatlarga ta’sirining samaradorligi va natijadorligini aniklash va baholashga qaratilgan chora-tadbirlar majmuidan iborat ekanligi nazarda tutildi.

Shuningdek, Adliya vazirligining NHHlar ijrosini tashkil etishga doir vakolatlari qonun doirasida mustahkamlandi.

Yangi qonunning muhim yangiliklaridan yana biri unga ilova tarzida Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini, shuningdeq ularga ilova qilinadigan axborot-tahliliy materiallarni yuridik-texnik jihatdan rasmiylashtirishning yagona uslubiyoti tasdiqlangani bo‘ldi. Ushbu yagona uslubiyot barcha turdagi NHH loyihalarini tuzish, ularni yuridik-texnik rasmiylashtirish tartibini belgilab berdi. Bungacha bunday tartiblar har bir NHH turi uchun alohida ishlab chiqilgan bo‘lib, turli hujjatlarda belgilangan edi.

Abbos Salaydinov,
huquqshunos

Top