14:25 / 26.04.2021
3315

Nukusda «Lasetti» YPX xodimini bosib ketishiga ozgina qoldi

Ijtimoy tarmoqlarda Nukusdagi «Mega-Nukus» savdo markazi qarshisida «Lasetti» YPX xodimini bosib ketishga ozgina qolgani aks etgan video lavha tarqaldi. IIV Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi holat yuzasidan rasmiy ma'lumot berdi.

Qayd etilishicha, voqea 25 aprel kuni soat 13:45larda sodir bo‘lgan. Qoraqalpog‘iston Respublikasi IIV YHXB YPX xodimi I.Iskandarov Nukus shahar dehqon bozori yaqinida xizmat olib borayotgan vaqtda «Lasetti» rusumli avtomobilni to‘xtatgan. 

Tekshiruv davomida mashinaning yon oynalari tegishli ruxsatnomasiz qoraytirilganligini aniqlagan. Haydovchiga qoidabuzarligini tushuntirib, transport vositasini vaqtincha saqlash uchun jarima maydonchasiga joylashtirishini aytgan vaqtida haydovchi xodimga bo‘ysunmasdan avtomobilni boshqarib, voqea joyidan ketib qolgan.

YPX xodimi holat yuzasidan YHXB boshlig‘i nomiga bildirgi orqali murojaat qilib, qonuniy talabini bajarmasdan ketib qolgan haydovchiga tegishli chora ko‘rilishini so‘ragan.

Xodimning bildirgisi asosida holat o‘rganilib, ketib qolgan haydovchi aniqlangan va belgilangan tartibda hujjatlar rasmiylashtirilib, avtomobil vaqtincha saqlash uchun jarima maydoniga joylashtirildi, deyiladi rasmiy xabarda.

Mavzuga oid
Top