14:38 / 26.04.2021
7479
O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni hamkorligi. Istiqbolda yana qanday yo‘nalishlar bor?

«Vision 2030» bu – Saudiya Arabistonining yirik iqtisodiy islohotlar dasturi hisoblanadi. U mamlakatni an'anaviy iqtisodiy tizimdan rivojlangan, barqaror, kuchli va xalqaro miqyosda raqobatbardosh iqtisodiy tizimga ega davlatga aylantirish uchun joriy qilingan dasturdir.

O‘tgan bir necha o‘n yillar mobaynida Saudiya Arabistonining milliy, madaniy va iqtisodiy kuch asosi faqatgina neft eksporti va energetika sohasi bo‘lib keldi. Uglevodorod eksporti umumiy eksportning 85 foizigacha bo‘lgan qismini hamda davlat daromadlarining katta qismini tashkil qilar edi. Hozirgi vaqtda neft YaIMning atigi 30-40 foizini tashkil qilsa-da, davlat iqtisodiy tarmoqlarining katta qismi neftga bog‘liq, mamlakat hayotida neftning ta'siri hamon yuqoridir.

2019 yil ma'lumotlariga ko‘ra, mamlakat aholisi 33,4 million bo‘lib, aholining o‘rtacha yoshi 25ga teng va bu jihatdan Saudiya «bugungi kun» haqida emas, ko‘proq kelajak haqida o‘ylashga majbur. Shu bois, podshohlik oilasi kelajakda barqaror iqtisodiyotni shakllantirish, uzoq muddatli daromad manbalarini yaratish, zamonaviy innovatsion texnologiyalarni tatbiq qilish, iqtisodiy paradigmalarni o‘zgartirish, mahalliy ishlab chiqarishni kuchaytirish yo‘lidagi zarur chora-tadbirlarni boshlagan. 2016 yili shahzoda Muhammad ibn Salmon Abdulaziz Ol Saud jahon iqtisodiyotida yangi tarmoqlar rivojlanib, taraqqiyotning an'anaviy usullari o‘z kuchini yo‘qotib borayotganini hisobga olib, Saudiya Arabistoni uchun yangi taraqqiyot yo‘nalishini belgiladi.

«Vision 2030» (Nigoh 2030) nomi bilan ma'lum bo‘lgan mazkur dasturda 2030 yilgacha Saudiya Arabistonini misli ko‘rilmagan darajada rivojlantirish, uni Yaqin Sharqning mustahkam va mutlaq birinchi moliyaviy markaziga aylantirish, arab-musulmon dunyosida yetakchilik maqomini mustahkamlash va shu orqali jahonda yetakchi iqtisodiy kuch markazlaridan biri maqomiga erishish bo‘yicha aniq vazifalar belgilangan. «Vision 2030»ning asosiy maqsadlari quyidagilardan iborat:

  • Saudiya Arabistonini jahonning rivojlangan 19-davlatidan iqtisodiy jihatdan taraqqiy etgan 15-mamlakati darajasiga olib chiqish;
  • Mamlakatda xususiy sektor ulushini YaIMning 40 foizidan 65 foizigacha o‘stirish;
  • Neftga bog‘liq bo‘lmagan eksport ulushini 16 foizdan 50 foizgacha ko‘tarish;
  • Davlatning neftga bog‘liq bo‘lmagan daromadlarini 163 milliard Saudiya rialidan 1 trillion Saudiya rialigacha oshirish;
  • Makka va Madinaga keluvchi ziyoratchilar sonining yillik 8 millionlik ko‘rsatkichini 30 milliongacha oshirish;
  • 2030 yilga borib, harbiy texnik xarajatlarning 50 foizidan ortig‘ini mahalliylashtirish;
  • Neft va gaz sohasidagi milliylashtirishni 40 foizdan 75 foizgacha ko‘tarish;
  • Davlat investitsiya jamg‘armasi aktivlarini 600 milliarddan 7 trillion Saudiya rialigacha oshirish.

Saudiya podshohlik oilasi, xususan, valiahd shahzoda Muhammad ibn Salmon o‘z mamlakati 2030 yilga borib, jahondagi yetakchi kuch markazlaridan biriga aylanishida uch asosiy ustuvorlik mavjud deb hisoblaydi, ular: arab-musulmon dunyosining markazi sifatidagi yetakchilik maqomi, investitsion salohiyati hamda strategik qulay o‘rnidan foydalanib, xalqaro savdoning boshqaruvchilaridan biri bo‘lish va shu orqali o‘zini Afrika, Osiyo hamda Yevropani birlashtiruvchi kuch sifatida namoyon qilish.

Mazkur dasturda ichki iqtisodiy va ijtimoiy islohotlar bilan birga mintaqaviy hamda xalqaro miqyosdagi tashqi siyosatga ham alohida urg‘u berilgan. So‘nggi yillarda mamlakat tashqi siyosat borasida faollik ko‘rsatib, o‘zining an'anaviy hamkor davlatlari geografiyasini kengaytirishga harakat qilmoqda. Shunga ko‘ra, Saudiya Arabistoni musulmon dunyosidagi yetakchilik maqomini mustahkamlash, rivojlanayotgan musulmon davlatlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, shu bilan birga, istiqbolli bozorlarni izlab topish maqsadida Markaziy Osiyo mintaqasiga e'tibor qaratmoqda. U mintaqadagi istiqbolli mamlakatlar sifatida O‘zbekiston va Qozog‘istonni e'tirof etadi. So‘nggi uch yilda Saudiya mintaqaga yo‘naltirgan sarmoyalarining eng katta qismini O‘zbekiston iqtisodiyotidagi turli tarmoqlar, xususan, energetika sohasiga yo‘naltirdi. Shunga ko‘ra, aytish mumkinki, yangilanayotgan Saudiya Arabistonining iqtisodiy kelajagi uchun poydevor vazifasini o‘tayotgan «Vision 2030» yangilanayotgan O‘zbekistonning ham iqtisodiy jihatdan rivojlanishiga ta'sir ko‘rsatishi mumkin. Quyida buni bir necha raqamlar tahlili bilan ko‘rsatib berishga harakat qilamiz.

Saudiya Arabistoni va O‘zbekiston munosabatlaridagi iliqlik yangi hodisami?

Arab-o‘zbek munosabatlaridagi hozirgi iliqlik yangi hodisa emas. Zero, Saudiya Arabistoni va O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabatlar o‘tgan asrning 90-yillarida ham mavjud edi. Hozirgi holat ko‘proq 90-yillarda arab olami bilan ko‘zda tutilgan o‘zaro manfaatli va pragmatik munosabatlarni yangi sharoitlarda qurishni davom ettirish va jarayonning tezlashishidir. 2017 yilgacha bo‘lgan bosqichda tomonlar bir-birining imkoniyatlari va salohiyatini chuqur o‘rgangan. Eng avvalo, siyosiy rejimlardagi tafovutlar va Arabiston hududlaridan radikal g‘oyalar kirib kelishi bilan bog‘liq tahdid ushbu munosabatlar to‘laqonli rivojlanishiga to‘siq bo‘ldi.

2016 yildan O‘zbekistonda boshlangan ochiq va konstruktiv tashqi siyosat sharoitida arab davlatlariga nisbatan qarashlar o‘zgardi. O‘zbekistonning arab davlatlaridagi tashqi siyosati mintaqa atrofida barqarorlik hamda xavfsizlik belbog‘ini barpo etish masalalarini o‘z ichiga olgan 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida ko‘zda tutilgan asosiy vazifalardan kelib chiqadi. Arab davlatlaridagi yetakchi nashrlardan biri – «Riyadhpost» nashri «so‘nggi yillarda Fors ko‘rfazi Arab davlatlari Markaziy Osiyo mintaqasiga o‘z e'tiborini qaratmoqda» deb yozadi. Nashr xulosasiga ko‘ra, ko‘rfazdagi arab davlatlarining bu hamkorligi iqtisodiy manfaatlarni ko‘zlagan bo‘lib, mintaqa davlatlari iqtisodiyoti rivojlanishiga ko‘maklashish hamda istiqbolli yo‘nalishlarda hamkorlik qilishdan iboratdir.

Yevropaning Markaziy Osiyoga oid tadqiqotlarni e'lon qilib boruvchi «Novastan» nashri ham Fors ko‘rfazidagi arab davlatlarining mintaqadagi faollashuvini yangi bir hodisa sifatida baholamaydi. Unda yozilishicha, «ular (Saudiya Arabistoni va BAA) bu faollik orqali o‘zlarini yangi mintaqaviy kuch sifatida namoyon etishlarini yana bir bor tasdiqlamoqda. «Garchi, asosiy motivlardan biri iqtisodiy manfaatdorlik bo‘lsa-da, baribir geosiyosiy masala muhim ahamiyatga ega», – deb yozadi nashr.

Ta'kidlaganimizdek, 2017 yilda xalqaro va ichki vaziyat o‘zgarishi sharoitida mamlakat prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan arab davlatlariga, xususan, Fors ko‘rfazidagi arab davlatlariga nisbatan munosabat ham o‘zgardi. Buni Saudiya Arabistoni va BAA kabi davlatlarning respublika iqtisodiyotiga sarmoyalar kiritish borasidagi faolligida ko‘rish mumkin. Saudiya Arabistonining O‘zbekiston iqtisodiyotidagi turli tarmoqlarga sarmoyalar kiritishi 2018-2021 yillarda jadal tus oldi va u o‘zaro munosabatlarning butun tarixi davomidagi ko‘rsatkichlardan ham oshib ketdi. Shuningdek, «Vision 2030» dasturi doirasida Saudiya Arabistoni O‘zbekistonga yangicha nigoh bilan qarayotgani hamkorlik aloqalariga faollik tusini bermoqda. Hamkorlikni rivojlantirish yo‘lida o‘ndan ortiq istiqbolli rejalar tayyorlanayotgani hisobga olinsa, Saudiya – O‘zbekiston munosabatlari sifat jihatidan yangi bosqichga chiqdi, deb aytish mumkin.

Saudiya Arabistoni O‘zbekiston energetika bozorida faollashmoqda

2021 yilning 25 yanvar kuni O‘zbekistonga tashrifi asnosida Saudiya Arabistoni Podshohligi investitsiyalar vaziri Xolid al-Falih energetika sohasidagi shartnomalarni nazarda tutib, «bu shartnomalar ikki tomonlama sarmoyaviy hamkorlikning yangi bosqichini boshlab beradi», deb ta'kidlagan edi. Darhaqiqat, so‘nggi yillarda Saudiya Arabistonining asosiy sarmoyalari mamlakat energetika tarmoqlariga yo‘naltirilmoqda. Eng ko‘p sarmoyalar birinchi o‘rinda energetika sohasiga, undan so‘ng esa qishloq xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash, fan va ta'lim sohalariga yo‘naltirilganini ko‘rishimiz mumkin.

2020 yildan e'tiboran, Saudiya Arabistonidagi yetakchi kompaniyalardan biri «ACWA Power» O‘zbekiston energetika bozoriga eng ko‘p sarmoya kiritayotgan xorijiy investorlardan biri bo‘lib turibdi. Yaqin Sharq mintaqasida yirik kompaniya hisoblanadigan «ACWA Power» elektr stansiyalarini, shuningdek, suvni chuchuklashtirishga mo‘ljallangan sanoat inshootlarini qurish, loyihalash, moliyalashtirish va ulardan foydalanishga ixtisoslashgan. Kompaniya xalqaro maydondagi faoliyatini Yaqin Sharq, Afrika, Markaziy va Janubi-Sharqiy Osiyodagi 12 mamlakatda amalga oshiradi. So‘nggi yillarda u Markaziy Osiyo, xususan, O‘zbekistonda katta loyihalarni amalga oshirishga kirishgan.

2019 yilning 20 sentyabrida Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan Energetika Investitsion forumi doirasida Energetika vazirligi va «ACWA Power» kompaniyasi o‘rtasida quvvati 500 MVtdan 1000 MVtgacha bo‘lgan shamol elektr stansiyasini qurish bo‘yicha kelishuvga erishildi. 2020 yilning 5 martida esa «ACWA Power» kompaniyasi rahbariyati bilan Sirdaryo viloyatida qiymati 1,2 mlrd dollarga teng issiqlik elektr stansiyasini qurish to‘g‘risidagi kelishuv imzolandi. Bunday kelishuvlar «ACWA Power» kompaniyasining keng ko‘lamli investitsiya loyihalarini amalga oshirish hisobiga O‘zbekiston sarmoyaviy bozorida ishtirokni kengaytirish niyatida ekanini bildirmoqda. Sirdaryo IES qurilishiga start berilgach, Navoiy va Buxoro viloyatlarida mos ravishda umumiy quvvati 1000 MVtlik «Bash» va «Jonkeldi» shamol elektr stansiyalari qurilishi bo‘yicha imzolangan investitsiya shartnomalari buning tasdig‘idir. 2024 yilda ishga tushirilishi mo‘ljallangan mazkur elektr stansiyalari yiliga 3,6 mlrd kVs miqdorida arzon elektr energiyasi ishlab chiqarishni ta'minlaydi. Loyihalarning umumiy qiymati 1,3 mlrd dollarni tashkil etadi.

«ACWA Power» prezidenti Paddy Padmanathan «Strategik darajada ushbu loyiha Saudiya Arabistonining butun jahon bo‘ylab hukumatlar bilan arzon energiya va suv ta'minotiga bo‘lgan talabi ortib borishini ta'minlashga sodiqligining yana bir misolidir. Saudiya O‘zbekistonning muqobil elektr energiyasidan foydalanishga o‘tish harakatlarini qo‘llab-quvvatlashdan g‘ururlanadi», deya ta'kidlaydi. Kompaniya boshqaruvi raisi Muhammad Abunayyan esa «Sirdaryo IES qurilishiga start berilishi, ESK va O‘zbekistonning past darajali uglevodorod chiqindili resurslardan foydalanishga o‘tishida muhim omil sanaladigan Buxoro va Navoiy viloyatlaridagi «Bash» hamda «Jonkeldi» shamol elektr stansiyalari bo‘yicha Investitsiya kelishuvlari imzolanishi bizning energetika tarmog‘ini isloh qilish va mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan rivojlantirilishini rag‘batlantirish jarayonidan ilgarilab ketishga bo‘lgan intilishimizni ifodalaydi. Bu, shuningdek, iqtisodiyotni diversifikatsiyalash, Saudiya Arabistoni podshohligi tashqarisida xorijiy investitsiyalar hajmini yanada oshirish hisobiga bizning «Vision–2030» loyihasiga rioya qilayotganimizni tasdiqlaydi», dedi.

2021 yilning 25 yanvarida Saudiya Arabistoni investitsiyalar vaziri Xolid al-Falih O‘zbekiston respublikasiga tashrifi jarayonida prezident Shavkat Mirziyoyev bilan o‘zaro hamkorlik aloqalarining joriy holati va istiqbollarini muhokama qildi. Muzokaralarda muqobil energiya manbalari asosida ishlovchi elektr stansiyalarini qurish bo‘yicha yangi loyihalarni ishlab chiqish, qolaversa, O‘zbekiston milliy elektr energiyasi tizimini davlat-xususiy sektor hamkorligi asosida modernizatsiya qilish orqali energetika sohasidagi O‘zbekiston-Saudiya Arabistoni aloqalarini yanada kengaytirishga kelishib olindi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi va «Dr. Sulaiman Al-Habib Medical Group» kompaniyasi o‘rtasida hamda O‘zbekiston Respublikasi Kapital bozorini rivojlantirish agentligi bilan «DirectFN Ltd.» kompaniyasi o‘rtasida hamkorlik memorandumlari imzolandi.

2021 yilning 23 yanvarida Buxoro shahrida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston-Saudiya Arabistoni biznes-forumi va O‘zbekiston-Saudiya Arabistoni ishbilarmonlar kengashining birinchi yig‘ilishida ham hamkorlik aloqalarini kuchaytirish bo‘yicha o‘nlab kelishuvlarga erishildi. Jumladan, Saudiya Arabistoni Savdo-sanoat palatalari Kengashi va O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi o‘rtasida Qo‘shma tadbirkorlik kengashini tashkil etish bo‘yicha hamkorlik qilish to‘g‘risidagi bitim, «Uzbekistan airways» AJ va «Flynas» kompaniyasi o‘rtasida turizmni rivojlantirish to‘g‘risidagi o‘zaro anglashuv memorandumi hamda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi va podshoh Faysal nomidagi Islom tadqiqotlari markazi o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi. Bu loyihalar O‘zbekiston hukumatining 2030 yilga borib, shamol elektr stansiyalari ishlab chiqargan elektr energiyasi miqdorini 3 GVt.ga yetkazishga qaratilgan mamlakat energiya balansini diversifikatsiyalash dasturiga kiradi. Loyihalarning amalga oshirilishi uglerod chiqindilarini ham yiliga 1,6 mln tonnaga kamaytirishi va shu bilan O‘zbekiston hukumati tomonidan 2031 yilgacha energiya quvvatlarining 40 foizini qayta tiklanuvchi energiya manbalariga o‘tkazish bo‘yicha maqsadlarga erishishga ko‘maklashishi kutilmoqda.

Kuzatuvlarimiz shuni ko‘rsatmoqdaki, Saudiya Arabistoni haqiqatan ham, so‘nggi yillarda O‘zbekiston ishbilarmonlik muhitidagi ishtirokini kengaytirishga urinmoqda. Ammo bu ko‘p holatlarda ayrim sohalarnigina qamrab olyapti. Ya'ni yuqorida tahlil qilinganidek, hamkorlik energetika sohasi bilangina cheklanib qolyapti.

Istiqbolli yo‘nalishlar

Saudiya Arabistonining ulkan sarmoyaviy salohiyati «Vision 2030» dasturida nazarda tutilgan yangi va istiqbolli sarmoyaviy bozorlarni topishda muhim ahamiyatga ega. Shuningdek, hamkorlik geografiyasini kengaytirish hamda rivojlanayotgan musulmon davlatlarni qo‘llab-quvvatlash tamoyillariga sodiqlikni hisobga olgan holda Saudiya bilan nafaqat energetika sohasidagi hamkorlikni kuchaytirishga, balki uning ulkan salohiyatidan boshqa bir qator tarmoqlarni rivojlantirishda ham foydalanish samarali natijalarga olib keladi.

Xususan, sog‘liqni saqlash, metallurgiya, qurilish materiallari ishlab chiqarish, axborot-kommunikatsiya sohasi, transport va logistika, fond bozorini rivojlantirish, turizm kabi qator yo‘nalishlarda qo‘shma loyihalarni birgalikda ishlab chiqish respublikada mazkur sohalar rivojiga ijobiy ta'sir ko‘rsatadi. Saudiya Arabistoni O‘zbekistonda qishloq aholisi va ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamni ishlab chiqarish jarayoniga jalb etish hamda xorijga qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini keyinchalik yetkazib berishni tashkil etish asosida O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi, parrandachilik va chorvachilik sohasida O‘zbekiston-Saudiya Arabistoni qo‘shma korxonalarini tashkil etishga katta qiziqishi mavjud va u bu borada aniq dasturlar ishlab chiqilishini kutmoqda.

Shavkat Ikromov – Yaqin Sharq davlatlari bo‘yicha tadqiqotchi, Toshkent davlat sharqshunoslik universitetining o‘qituvchisi

Manba: «Vision 2030»: Saudiya Arabistonining O‘zbekistonga yangicha nazari 

Top