12:15 / 26.04.2021
16028
O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasida yangi temir yo‘l qurilishi mumkin

Tojikistonning Panjikent tumani va Samarqand viloyatining Bulung‘ur/Jomboy uchastkalari o‘rtasida yangi temir yo‘l liniyasi qurilishi mumkin. Shuningdek, Bekobod - Istiqlol temir yo‘lini elektrifikatsiya qilish masalalari ham ko‘rib chiqilgan.

© Sputnik / Yevgeniy Odinokov

Dushanbe shahrida Tojikiston va O‘zbekiston Transport vazirliklari vakillarining muzokaralari o‘tkazildi.

Muzokaralar davomida Panjikent (Tojikiston) va Bulung‘ur/Jomboy (O‘zbekiston) uchastkasida yangi temir yo‘l liniyasini qurish masalasi ham muhokama qilingan.

Shuningdek, Bekobod — Istiqlol temir yo‘lini elektrifikatsiya qilish masalalari va bu uchastkada tranzit yuk tashish hajmini ko‘paytirish imkoniyati ham ko‘rib chiqilgan.

Bundan tashqari, yig‘ilishda tomonlar xalqaro avtomobil transporti sohasida ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha loyihalar, O‘zbekiston — Tojikiston — Xitoy transport yo‘lagini rivojlantirish va Hashtyak — Bekobod nazorat o‘tkazish punktini qayta tiklash mavzulariga ham to‘xtalib o‘tgan.

Avvalroq O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Tojikiston prezidenti Imomali Rahmonning taklifiga binoan 10-12 iyun kunlari rasmiy tashrif bilan Dushanbeda bo‘lishi xabar qilingandi.

Shu maqsadda Tojikiston bosh vaziri Qohir Rasulzoda va O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov 24 aprel kuni Xo‘jandda Shavkat Mirziyoyevning rasmiy tashrifiga tayyorgarlik ko‘rish hamda o‘zbek-tojik hamkorligi masalalarini muhokama qilgan.

Top