12:28 / 27.04.2021
808
Ijtimoiy tarmoq orqali buxorolik shaxsni 20 million so‘mga chuv tushirgan firibgar ushlandi

Buxoro viloyati Romitan tumani Gazli shaharchasida yashovchi shaxsni ijtimoiy tarmoq orqali aldab 20 million so‘m pulini o‘zlashtirgan shaxs ushlangan. Bu haqda IIV axborot xizmati xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, Romitan tumani Gazli shaharchasida yashovchi, «Gazlineftgazqazibchiqarish» MChJ ishchisi, 1994 yilda tug‘ilgan S.S. internet tarmoqlari orqali o‘zini «Gazprominvestholding» birja brokeri deb tanishtirgan noma'lum shaxs bilan tanishgan. So‘ng, ushbu shaxsning birjaga sarmoya kiritish va buning evaziga foyda olish taklifiga ishonib, 20 million so‘mni sarmoya sifatida u aytgan internet tarmog‘idagi hisobraqamiga o‘tkazib bergan. Ammo keyinchalik aldanganligini bilib, ushbu shaxsni topib pullarini olishda yordam berishni so‘rab Romitan tuman IIBga murojaat qilgan.

Qayd etilishicha, mazkur holat yuzasidan Romitan tumani IIB huzuridagi tergov bo‘linmasi tomonidan noma'lum shaxsga nisbatan jinoyat kodeksining 168-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tezkor surishtiruv hamda dastlabki tergov harakatlari olib borilgan.

 Tuman Ichki ishlar bo‘limi xodimlari tomonidan olib borilgan tezkor surishtiruvda ushbu jinoyatni Toshkent viloyati, Bekobod shahrida yashovchi, 2002 yilda tug‘ilgan T.D. sodir qilganligi aniqlanib, u ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan. Hozirda tergov ishlari olib borilmoqda.

Top