13:16 / 27.04.2021
1892

Jizzaxda fuqarolarning xabardorligisiz ularning nomiga kredit olib, o‘zlashtirgan bank xodimlariga jinoiy ish qo‘zg‘atildi

Jizzax viloyati Do‘stlik tumanida fuqarolarga ularning xabardorligisiz imtiyozli kredit ajratib o‘zlashtirgan bank xodimlariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentini xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, Bosh prokuratura huzuridagi departamentning Do‘stlik tuman bo‘limi tomonidan fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilish yuzasidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, ATB «Mikrokreditbank» Do‘stlik mini banki mudiri va xodimlari sodir etgan jinoyatlar aniqlangan.

Jumladan, mazkur bankning mudiri Sh.B., xodimi D.Q. va boshqalar mansab vakolatini suiiste'mol qilib, 2019-2020 yillarda 7 nafar fuqaroning xabardorligisiz ularning nomidan imtiyozli shartlarda 156 million so‘m kredit mablag‘larini rasmiylashtirgan. So‘ng, ushbu mablag‘larni o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilgan.

Qayd etilishicha, mazkur holat yuzasidan jinoyat kodeksining 167-moddasi (talon-toroj qilish) va 209-moddasi (mansab soxtakorligi) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Top