01:06 / 27.04.2021
9771

JSST Hindistonga koronavirusga qarshi kurashda yordam berish uchun 2,6 ming xodimini jo‘natdi

Foto: Getty Images

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ayni vaqtda koronavirus bilan bog‘liq vaziyat o‘ta og‘ir bo‘lgan Hindistonga yordam berish uchun 2,6 ming xodimini jo‘natdi.  

JSST bosh direktori Tedros Adxanom Gebreyyesusning ta'kidlashicha, bu mutaxassislar hindistonlik hamkasblariga texnik maslahatlar berib, emlash va kasallanganlarni monitoring qilishda ko‘mak ko‘rsatadi.

JSST rahbarining aytishicha, hozirda Hindistondagi vaziyat «yurakni ezadigan darajadan ham og‘irroq».

«JSST Hindistonga yordam berish uchun barcha iloji bor ishni qilmoqda. U qurilmalar va materiallar, jumladan, minglab kislorod konsentratorlari, mobil dala gospitallari va laboratoriya anjomlarini taqdim qilmoqda», deb ma'lum qilgan Gebreyyesus.

Hindistonda oxirgi bir necha kun koronavirusga chalinish bo‘yicha antirekordlar qayd qilinmoqda. So‘nggi sutkada mamlakatda 352 mingdan ko‘proq yangi kasallanish holati qayd etilgan. Mamlakatda har kuni minglab odamlar koronavirus qurboniga aylanmoqda.

Hozirda Hindiston koronavirusga chalinganlar soni bo‘yicha AQShdan keyin 2-o‘rinni, o‘limlar soni bo‘yicha esa 4-o‘rinni egallamoqda. Mamlakatdagi shifoxonalar to‘lib-toshgan, kislorod ballonlari yetishmayapti. Hukumat epidemiyaning yangi to‘lqiniga tayyor turmaganlikda ayblanmoqda.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma’lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top