08:42 / 27.04.2021
1319
Nukusdagi qimirlab turishi aytilgan ko‘prik holati bo‘yicha rasmiy bayonot berildi
Foto: KUN.UZ

Nukusdagi «Janga bazar» va «Almazar» MFYlari oralig‘idagi temir yo‘l ustida joylashgan ko‘prik qurilishi hali to‘liq yakuniga yetmasdan foydalanishga topshirilgani, u yo‘lovchilar o‘tganda qimirlab turishi haqida xabar bergandik.

Qo‘ng‘irot temir yo‘llari UK muhandisi O‘ktam Kamalovning Kun.uz muxbiriga aytishicha, ko‘prik qurilishi chindan ham yakuniga yetmagan. Mahalliy hokimiyat bilan kelishilgan holda foydalanishga ruxsat berilgan.

O‘ktam Kamalovning so‘zlariga ko‘ra, ko‘prikning hozirgi qiyofasi butunlay o‘zgaradi. Loyihada ko‘rsatilgan ko‘prikning tom qismi o‘rnatiladi. Qo‘shimcha tungi chiroqlar ham o‘rnatiladi. Ko‘prikning tashqi qiyofasida Qoraqalpoq milliy ornamentlaridan foydalaniladi.

Ko‘prikning to‘liq bitkazilmaganiga sabab, loyihada ko‘rsatilgan tungi yoritish chiroqlari va tom qismi talabga javob bermagan. Buyurtmachi tashkilot bu jihozlarga qaytadan buyurtma bergan.

Qo‘ng‘irot temir yo‘llari UK muhandisi ko‘prikdagi yoriqlarga ham to‘xtalib o‘tdi. Uning aytishicha, ikkita beton birlashgan joyda yoriqlar, kichik bo‘sh joy bo‘lishi tabiiy holat. Turli xil silkinishlar bo‘lgan  paytda ko‘prik sinib ketmasligi uchun juda muhim, deydi O‘ktam Kamalov.

Shuningdek, muhandis ko‘prikda ishlar to‘liq yakuniga yetgandan keyin OAV uchun maxsus taqdimot o‘tkazilishini ham aytib o‘tdi.

Ma'lumot uchun, ushbu ko‘prikdan Nukusdagi 22-, 27-, 34-, 41-maktab o‘quvchilari va 22-, 23-kichik tuman, «Qo‘sko‘l-3» MFY ahli o‘tib qaytishadi. U «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ buyurtmasi asosida qurilgan. Uni «Ko‘prik qurilish» DUK amalga oshirgan. Qurilishga jami 1 mlrd 500 ming so‘m mablag‘ ajratilgan

Avvalroq Nukus dehqon bozori qarshisidagi osma ko‘prik 2-3 kun ichida ishga tushishi haqida xabar bergandik. 28 martdan beri salkam 30 kun vaqt o‘tdiki, ko‘prik haliyam ishga tushmadi.

Top