08:01 / 27.04.2021
5106

O‘zbekiston hukumati delegatsiyasi Saudiya Arabistoniga tashrif buyurishi kutilyapti

Joriy yilning 26 aprel kuni O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umrzoqov Saudiya Arabistoni podshohligining O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Hisham bin Mishal al-Suvaylimni qabul qildi.

Foto: Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi

Muzokaralar chog‘ida O‘zbekiston – Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi joriy hamkorlik kun tartibi, ilgari erishilgan kelishuvlarning amalga oshirilishi hamda kelgusi yuqori darajadagi ikki tomonlama tadbirlarga tayyorgarlik ko‘rish masalalari muhokama qilindi.

Uchrashuvda ikki tomonlama munosabatlarni yanada chuqurlashtirish istiqbollari, jumladan, yaqin vaqt ichida O‘zbekiston hukumati delegatsiyasining Saudiya Arabistoniga tashrifini tashkil etish, ikki mamlakat tashqi siyosat idoralari o‘rtasida maslahatlashuvlar navbatdagi raundini, shuningdek, O‘zbekiston – Saudiya Arabistoni Ishbilarmonlar kengashi va Savdo, iqtisod, investitsiyalar, texnika, madaniyat, sport va yoshlar masalalari bo‘yicha O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi hukumatlararo komissiya yig‘ilishlarini o‘tkazish haqida fikr almashildi.

Uchrashuv yakunida ikki tomonlama kelishuvlar, qo‘shma loyiha va tashabbuslarning o‘z vaqtida va samarali ijrosini ta'minlash maqsadida muntazam muloqotni davom ettirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Top