08:51 / 27.04.2021
784
Qoraqalpog‘istonda Vetnam sholi yetishtirish texnologiyalari joriy etilmoqda

Vetnam Qishloq xo‘jaligi fanlari akademiyasining 2 nafar mutaxassisi 7 apreldan beri Vetnam sholi yetishtirish texnologiyalarini joriy etish loyihasini amalga oshirish maqsadida O‘zbekistonda bo‘lib turibdi.

O‘zbekistonning Indoneziyadagi elchixonasi ma'lumotiga ko‘ra, mutaxassislar butun mavsum davomida - sholi ekish va yetishtirishdan tortib to hosilni yig‘ib olishgacha bo‘lgan jarayonda ishtirok etadi.

Vetnamlik mutaxassislar bilan birga Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatining tuproq-iqlim sharoitlarini hisobga olgan holda tanlab olingan 15 turdagi Vetnam guruch urug‘lari O‘zbekistonga olib kelindi.

Urug‘lar Qoraqalpog‘iston (Nukus va Chimboy) hamda Xorazmdagi (Gurlan, Urganch va Yangibozor) beshta tumanda pilot loyihalar doirasida sinovdan o‘tkaziladi.

May-iyun oylarida ko‘chat ekishning mexanizatsiyalashgan texnologiyasini joriy etish bo‘yicha ishlar olib boriladi.

Qayd etilishicha, Nukus va Chimboy tumanlarida sholi ekish mavsumi kech boshlanishi munosabati bilan loyihaning birinchi bosqichi Gurlan tumanidagi sholi yetishtirish tajriba markazida boshlangan. Hosil ekishga tayyorgarlik jarayonida mutaxassislar yana bir bor Gurlan, Urganch va Yangibozor tumanlaridagi mahalliy tuproq-iqlim sharoitlarini o‘rgandi. Sholi ko‘chatlarini yetishtirish uchun maxsus dalalar tayyorlandi.

Ushbu hududlarda sho‘rlanish bilan bog‘liq jiddiy muammo borligi sababli, tajriba uchastkalari va fermer xo‘jaliklari bazasida sho‘rlanishga moslashgan navlarni sinash uchun tajriba maydonlarini yaratish vazifasi qo‘yildi.

Top