16:14 / 27.04.2021
8167

Singapur pandemiyaga eng yaxshi dosh berayotgan davlatlar reytingida yetakchiga aylandi

Foto: KUN.UZ

Bloomberg 2020 yil noyabr oyidan buyon koronavirusga eng yaxshi dosh berayotgan davlatlar reytingini yuritib keladi. Singapur pandemiyaga qarshi eng yaxshi «turib berayotgan» davlatlar ro‘yxatida reyting tuzilganidan buyon yetakchi bo‘lib kelgan Yangi Zelandiyani ortda qoldirib, birinchi o‘ringa ko‘tarildi.

Ushbu reytingga dunyoning eng boy 53 ta davlati kiritilgan. Uni tuzishda mamlakatlarning pandemiyadan eng kam iqtisodiy va ijtimoiy asoratsiz chiqishiga e'tibor beriladi. Bloomberg 10 ta parametrga ko‘ra davlatlardagi holatni tahlil qiladi. Xususan, kasallanganlar soni, o‘limlar soni, vaksinatsiya jarayoni va odamlarning mamlakat bo‘ylab harakatlanish erkinligi ham inobatga olinadi.

Singapur reytingda ilk marta birinchi o‘ringa ko‘tarildi. Bunga vaksinatsiya jarayonining tez va to‘g‘ri tashkillashtirilgani sabab bo‘lgan. Vaksinatsiya bo‘yicha yetakchilardan bo‘lib turgan Isroil 4-o‘ringa ko‘tarilgan. Reytingning oxirgi pog‘onalarida Polsha, Argentina va Braziliya qayd etilgan.

Ma'lumot uchun, 6 millionga yaqin aholisi bo‘lgan Singapurda hozirgacha 61 ming kishida koronavirus aniqlangan. Ulardan 30 nafari halok bo‘lgan va ko‘pchilik tuzalgan. Hozirgacha singapurliklardan 9,3 millionga yaqin koronavirusga test olingan. Bu esa mamlakat aholisidan deyarli 4 millionta ko‘p degani.

Hozirgacha Singapur aholisining 23 foizi koronavirusga qarshi emlangan. 14 foiz aholi esa ikkinchi vaksinani ham olib bo‘lgan. Singapurliklar Pfizer va Moderna vaksinalari bilan bepul emlanmoqda. Vaksina olganidan keyin tanasida noxush alomatlar sezgan singapurliklarga davlat tomonidan 7,5 ming AQSh dollari miqdorida kompensatsiya to‘lab beriladi.

Mavzuga oid
Top