21:21 / 27.04.2021
8219
SSV O‘zbekistonda xususiy sektorni vaksinatsiya jarayoniga jalb qilish masalasi bo‘yicha munosabat bildirdi

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati rahbari o‘rinbosari Nurmat Otabekovning aytishicha, O‘zbekistonda xususiy sektorga ham vaksina olib kelib, aholini pullik asosda emlashga ruxsat berilgan, ammo bugungi kunda vaksinalarni ishlab chiqaruvchi tashkilotlarning ishlab chiqarish quvvati ehtiyojni to‘liq qondira olmayotgani tufayli bunday markazlarning birortasida emlash jarayonlari amalga oshirilmayapti.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

Sog‘liqni saqlash vazirligi ijtimoiy tarmoqlarda koronavirusga qarshi vaksina xususiy sektor tomonidan pullik tarzda qilinayotgani haqida tarqalgan xabarlar yuzasidan munosabat bildirdi.

«Xususiy immunoprofilaktik muassasalar (vaksinatsiya markazlari) tomonidan koronavirusga qarshi emlash jarayonlariga ruxsat berilgan. Shu bilan birga, hozirgi kunda koronavirusga qarshi vaksinalar faqat davlat buyurtmasi asosida olib kelinayotganini unutmaslik kerak. Ushbu vaksinalar bilan aholining xavf osti guruhiga kiruvchi qatlamlari emlanmoqda.

Xususiy immunoprofilaktik muassasalar ham o‘zlari koronavirusga qarshi vaksinani olib kelib, emlash jarayonlarini amalga oshirishlari mumkin. Ammo hozircha biror-bir xususiy vaksinatsiya markazida bunday amaliyotlar o‘tkazilmayapti.

Qayd etish lozimki, keyinchalik mamlakatimizga olib kelinayotgan vaksinalarga davlat buyurtmasi shakllantirilayotgan chog‘da xususiy sektor ehtiyoji ham e'tiborga olinsa (bugungi kunda vaksinalarni ishlab chiqaruvchi tashkilotlarning ishlab chiqarish quvvati ehtiyojni to‘liq qondira olmayapti), uni yurtimizga yetkazib berish bilan shug‘ullanadigan tashkilot, shu jumladan, «Dori-darmon» AK tomonidan ham xususiy sektorga yo‘naltirilishi mumkin. 

Ammo hozircha faqat davlat muassasalarida xavf osti guruhiga mansub aholi qatlamini koronavirusga qarshi emlash tadbirlari amalga oshirilmoqda», degan u.

Bundan avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda «Sputnik V» vaksinasi bilan emlashning narxi 500 ming so‘mgacha ekanligi haqidagi xabarlar tarqalgandi. Sanitariya-epidemiologiya xizmati matbuot xizmati bunday xabarlar haqiqatga zidligi, O‘zbekiston aholisi uchun «Sputnik V» vaksinasi boshqa vaksinalar qatori — xitoy-o‘zbek vaksinasi ZF-UZ-VAC2001 va AstraZeneca (Hindistonda ishlab chiqarilgan Covidshield) vaksinasi kabi bepul bo‘lishini aytib o‘tgan.

Eslatib o‘tamiz, mart oyida O‘zbekistonga AstraZeneca vaksinasidan 660 ming doza, o‘zbek-xitoy vaksinasidan 1 mln doza olib kelingan va 1 aprel kuni shu vaksinalar bilan aholini emlash jarayoni boshlangandi. Shu kungacha 570 mingga yaqin kishi vaksina qabul qilgan.

So‘nggi kunlarda O‘zbekistonga «Sputnik V» vaksinasidan 100 ming doza va o‘zbek-xitoy vaksinasidan 1 mln doza olib kelindi. Shuningdek, AstraZeneca vaksinasining ham yangi partiyasini keltirish bo‘yicha amaliy ishlar olib borilmoqda.

28 apreldan Rossiya vaksinasini qo‘llash boshlanishi rejalashtirilgan.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top