22:33 / 28.04.2021
21119
80 ming dollarlik firibgarlik ishi bo‘yicha sud hukmi o‘qildi

Sud hukmi bilan Faxriddin Xushvaqtov afg‘onistonlik investorlarning 80 ming dollar pullarini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgan deb topildi va 8 yil muddatga ozodlikdan mahrum etildi.

27 aprel kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Yakkasaroy tumani sudida afg‘onistonlik tadbirkorlarni 80 ming dollarga chuv tushirish va boshqa bir qator jinoyatlarni sodir etganlikda ayblangan Faxriddin Xushvaqtovga sud hukmi o‘qildi.

Sud hukmi bilan, Faxriddin Xushvaqtov:

  • jabrlanuvchi Valentina Doroshenko bilan bog‘liq holat bo‘yicha Jinoyat kodeksining 228-moddasi 2-qismi «a» bandi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) bilan oqlandi;
  • 167-moddasi 3-qismi «a» bandi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish); 228-moddasi 2-qismi «a» bandi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) va 228-moddasi 3-qismi bilan oqlandi;
  • 227-moddasi 2-qismi «a» bandi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalarni, avtomototransport vositalarining va ular tirkamalarining (yarim tirkamalarining) davlat raqam belgilarini egallash, nobud qilish, ularga shikast yetkazish yoki ularni yashirish) bilan oqlandi;
  • 168-moddasi 4-qismi «a» bandi (juda ko‘p miqdordagi firibgarlik) nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etgan deb topildi.
Faxriddin Xushvaqtov

Faxriddin Xushvaqtovga sud hukmi bilan 8 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Sudya Tolib Obidov tayinlangan jazo umumiy tartibli koloniyada o‘talishi, jazo muddati Faxriddin Xushvaqtov qo‘lga olingan vaqt – 2021 yil 21 fevraldan boshlab hisoblanishini ma'lum qildi.

Sud hukmida Afg‘oniston fuqarolari va boshqa jabrlanuvchilarga nisbatan yetkazilgan zarar qay tariqa qoplanishi ham keltirib o‘tilgan. Unga ko‘ra, sud hukmi qonuniy kuchga kirgan kundagi 1 AQSh dollarining O‘zbekiston Respublikasi so‘miga nisbatan qiymati – 10548,18 so‘m ekanini inobatga olib, sudlanuvchi Xushvaqtovdan jabrlanuvchi Aymal Barekzay foydasiga 80 ming AQSh dollari hisobidan 843 mln 854 ming 400 so‘m undirilishi belgilandi.

Afg‘onistonlik Ismoil Safo

Shuning bilan sud ishi yopiq deb e'lon qilindi.

Eslatib o‘tamiz, 2018 yilda jiyani Barekzay Aymal bilan birga tadbirkorlik qilish niyatida O‘zbekistonga kelgan afg‘onistonlik Ismoil Safo firibgarlik qurboni bo‘lgani, undan aldov yo‘li bilan 80 ming dollarini o‘zlashtirganlar ustidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganiga bir yildan oshgan, bu orada besh marta tergovchi almashgan, jinoyat ishiga aloqador boshqa shaxslar nima uchundir tergovga jalb qilinmayotgani haqida saytimizda jurnalistik surishtiruv e'lon qilingan edi.

Kun.uz e'lon qilgan maqoladan so‘ng Yakkasaroy tumani IIB xodimi Akmal Ataxanovning faoliyati yuzasidan qayta xizmat surishtiruvi o‘tkazilib, uning natijasiga ko‘ra, «pasport stol» xodimi ishdan olingan, o‘sha paytda Toshkent shahar prokurori lavozimida ishlagan Bahriddin Valiyev qochqinga nisbatan e'lon qilingan qidiruv ishlarini jadallashtirish bo‘yicha barcha choralar ko‘rilishini ma'lum qilgan edi.

Afg‘oniston fuqarosi Aymal Barekzay Yakkasaroy tumanidagi 1-sonli davlat notarial idorasi notariusini korrupsiya va firibgarlar bilan sheriklikda ayblagan, notarius ham o‘zlarini aldash bilan bog‘liq jinoyatda bevosita ishtirok etganini iddao qilgan edi.

Kun.uz manbasining ma'lum qilishicha, mazkur jinoyat ishiga bevosita aloqador bo‘lgan sobiq IIB xodimi Akmal Ataxanov, notarius Shuhrat Isroilovga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi alohida ish yurituviga olingan.

Kun.uz jamoatchilik muhokamasiga sabab bo‘lgan ish bo‘yicha sud mahkamalarini yoritib bordi.

Top