10:54 / 28.04.2021
4544
Jismoniy va yuridik shaxslarga ham Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilish huquqi berildi

O‘zbekiston prezidenti 2021 yil 27 aprel kuni “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi to‘g‘risida”gi qonunni imzoladi.

Qonun bilan fuqarolar va yuridik shaxslarga muayyan ishda qo‘llangan qonun bilan ularning konstitutsiyaviy huquqlari buzilganligi yuzasidan shikoyat bilan Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilish huquqi berilmoqda.

Qonunning yangi tahririda Konstitutsiyaviy sudga masalalar kiritish huquqiga ega bo‘lgan sub'yektlar doirasi quyidagilar hisobiga kengaytirildi:

  • Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi;
  • O‘zbekiston Respublikasi prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub'yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil (Biznes ombudsman);
  • O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) o‘rinbosari – Bola huquqlari bo‘yicha vakil;
  • Fuqarolar va yuridik shaxslar.

Qonun bilan Konstitutsiyaviy sud doimiy faoliyat yurituvchi sud hokimiyati organi sifatida qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi hokimiyat hujjatlarining Konstitutsiyaga muvofiqligi to‘g‘risidagi ishlarni ko‘radigan organ etib belgilandi.

Yangi qonunda Konstitutsiyaviy sud rais va uning o‘rinbosarini qo‘shgan holda 9 nafar sudyadan iborat bo‘lishi belgilab qo‘yildi. Avvalgi qonunda 7 nafar sudya ko‘rsatilgan edi.

Shuningdek, Konstitutsiyaviy sud sudyasining vakolat muddati dastlabki saylovda 5 yil, keyingi saylovda 10 yil etib belgilanmoqda. Avvalgi qonunda bu muddat 5 yil edi.

Eslatib o‘tamiz, Oliy Majlis Senatining o‘n uchinchi yalpi majlisida senatorlar «O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi to‘g‘risida»gi Konstitutsiyaviy qonunni ma'qullagandi.

Ma'lumot uchun, «O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi to‘g‘risida»gi Konstitutsiyaviy qonunning amaldagi tahriri 2017 yil 31 may kuni qabul qilingan bo‘lib, ushbu Qonun bungacha ham ikki marta – 1993 yil 6 may hamda 1995 yil 30 avgustda qabul qilingan edi.

Top